Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Inklyuziv hukumat zarur» – YI va Markaziy Osiyo maxsus vakillari Afg‘oniston yuzasidan bayonot berdi

«Inklyuziv hukumat zarur» – YI va Markaziy Osiyo maxsus vakillari Afg‘oniston yuzasidan bayonot berdi

Foto: Twitter/Terhi Hakala

Bryussel shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari uchrashdi. Diplomatlarning uchinchi mashvaratida qo‘shni mamlakatdagi beqarorlik, inson huquqlari buzilishi, terrorizm va narkotrafik xatari kabi jiddiy masalalar muhokama etildi.

YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terhi Hakala hamda YeIning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson mezbonligida o‘tgan muzokarada Markaziy Osiyo diplomatlari qatorida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev ham qatnashdi.

Uchrashuv yakunida tarqatilgan qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, Afg‘oniston BMT Bosh assambleyasining 2022-yil 10-noyabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq barqaror va farovon mamlakatga aylanishi lozim. Bu maqsadga erishishda esa barcha manfaatdor siyosiy guruhlar, xotin-qizlar, etnik va diniy ozchilik vakillari ishtiroki ta’minlangan inklyuziv hukumat tuzilishi muhimdir.

So‘nggi vaqtlarda Afg‘onistonda xotin-qizlarning davlat va xususiy oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishiga taqiq qo‘yilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan xavotir bilan qarshi olindi. Jumladan, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi bu borada chuqur tashvish izhor qildi.

Bryussel uchrashuvi yakunida berilgan qo‘shma bayonotda ham Afg‘onistonda inson huquqlari holati keskin yomonlashgani ta’kidlanib, barcha fuqarolarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlariga hurmat ko‘rsatilishi, qonun ustuvorligi va erkinliklar ta’minlanishi lozimligi uqtirilgan. Mamlakatning aksar hududlarida o‘rta maktablar qizlar uchun yopilgani, qolaversa, ayollarning oliy ta’lim va xalqaro nodavlat tashkilotlar faoliyatidan chetlatilgani qoralangan.

YeI va Markaziy Osiyo maxsus vakillari «Tolibon» ma’muriyatini insonparvarlik tamoyili va xalqaro huquq me’yorlariga hurmat ko‘rsatgan holda, xotin-qizlarning tahsil olishi, ishlashi va jamiyat hayotida munosib ishtirokini ta’minlashga chaqirgan.

Bayonotda Afg‘onistondagi jangari guruhlar tahdidiga alohida e’tibor qaratilib, mamlakat terrorizm va ekstremizm boshpanasiga aylanmasligi lozimligi ta’kidlangan. Shuningdek, «toliblar» joriy etgan giyohvandlik moddalari yetishtirish bo‘yicha taqiqqa to‘laqonli amal qilish muhimligi eslatilgan.

Tahlilchilar iqtisodiy muammolar, gumanitar tanglik sabab Afg‘oniston aholisi og‘ir ahvolga tushgani haqida bong urmoqda. Ayniqsa, qahraton sovuq sharoitida so‘nggi o‘n kunda 80 ga yaqin odam halok bo‘lgan.

YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terhi Hakala mashvaratdagi nutqida Afg‘oniston xalqiga gumanitar ko‘mak o‘ta muhimligini ta’kidlagan. Diplomatga ko‘ra, YeI afg‘on zaminidagi gumanitar bo‘hronni bartaraf etish, inson huquqlari, jumladan, xotin-qizlar va etnk-diniy ozchilik vakillari haqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratadi. YeI maxsus vakili Afg‘oniston muammosi yechimida Markaziy Osiyo davlatlari hal qiluvchi o‘rin tutishini ham e’tirof etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring