Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iroqda saylov qaytadan o‘tkaziladi

Iroqda saylov qaytadan o‘tkaziladi

Foto: «Sabah»

Iroq parlamenti rahbari Salim Juburiy va prezident muovini Iyod Allaviy Bag‘dodda saylov sandiqlari joylashtirilgan omborda yong‘in chiqqani tufayli saylovni qaytadan o‘tkazish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda «Sabah» xabar bermoqda.

«Yong‘in Iroq xalqining xohish-istagini o‘zgartirish, aholini aldash va ovozlarda soxtagarchilikka yo‘l qo‘yish maqsadida ataylab qilingan», — dedi Salim Juburiy.

Iroq prezidenti muovini Allaviy muvaqqat hukumat tuzilib, saylovni qaytadan o‘tkazish taklifini bildirdi.

Saylovda zafar qozongan shia rahbari Muqtado Sadrga aloqador siyosiy byuro vakili Ziyo Asad ham yong‘in qasddan uyushtirilganini aytdi.

Bag‘dod harbiy operatsiyalar qo‘mondoni Jalil Ruboiy yong‘in ovozlar to‘plangan sandiqlarga emas, balki elektron sanoq jihozlariga talafot yetkazganini ma’lum qildi.

Bag‘dod shahrida bugun saylov sandiqlari joylashtirilgan omborxonada yong‘in sodir bo‘ldi.

Iroq parlamenti shu yil 12-mayda o‘tkazilgan saylovda hiyla ishlatilgan deya ovozlarni qo‘l bilan sanab chiqishga qaror qilgan edi.

Shundan so‘ng saylov sandiqlari joylashtirilgan omborga o‘t ketishi hammani hayratlantirdi.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring