Iskandariya shiddat bilan vayron bo‘lmoqda — tadqiqot

Misr, Tunis, Germaniya, AQSh va boshqa mamlakatlar olimlaridan iborat xalqaro guruh Misrdagi tarixiy shahar — Iskandariya (Aleksandriya) dengiz sathi ko‘tarilishi oqibatida shiddat bilan vayron bo‘layotganini qayd etdi. Tadqiqot natijalari Earth’s Future ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
So‘nggi 20 yilda shahardagi 280 ta bino qulagan, yana 7 mingtasi xavf ostida.
Asos solinganiga 2300 yildan oshgan Iskandariya Kleopatra tavallud topgan shahar sifatida hamda mashhur Iskandariya kutubxonasi bilan tilga tushgan. Biroq iqlim o‘zgarishlari hozirda Iskandariyani jiddiy sinovlarga ro‘baro‘ qildi.
Vayronagarchiliklarga asosiy sabab — dengiz sathining ko‘tarilishi va sho‘r suvning tuproqqa so‘rilishidir. Oqibatda tuproq yuvilib ketib, yer cho‘kmoqda, poydevorlarning po‘lat simlari zanglamoqda.
Tadqiqotchilar sun’iy yo‘ldoshlardan olingan suratlar hamda shaharning tarixiy xaritalarini solishtirib tahlil qilishdi. Ma’lum bo‘lishicha, Iskandariya qirg‘oq chizig‘i mamlakat ichkarisi tomon bir necha o‘n metrgacha chekingan, ba’zi joylarda tuproq yemirilishi yiliga 24–36 metrni tashkil etmoqda.
Olimlar shaharni himoyalash uchun sohil bo‘ylab qum barxanlari va to‘siqlar barpo etish, binolarni ko‘tarish, xavfli hududlar aholisini boshqa joyga ko‘chirish kabi bir nechta yechimlarni taklif qilishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter