Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom dunyosi Isroil parlamentining qarorini qoraladi

Islom dunyosi Isroil parlamentining qarorini qoraladi

Netanyahu bir necha yildan buyon G‘arbiy Sohilni anneksiya qilish yo‘lini qidirmoqda.

Foto: AFP

Arab davlatlari ligasi (ADL), Islom hamkorligi tashkiloti (IHT) hamda o‘n musulmon davlat Isroil parlamenti (Knesset) tomonidan qabul qilingan Iordan daryosining G‘arbiy Sohilini yahudiy davlati tarkibiga rasman qo‘shib olish haqidagi hujjatni keskin qoraladi.

ADL, IHT hamda Bahrayn, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Nigeriya, Falastin, Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA va Turkiya tomonidan imzolangan bayonot Turkiya tashqi ishlar vazirligi saytida chop etildi.

Bayonotga ko‘ra, Knessetning G‘arbiy Sohilda Isroil suverenitetini o‘rnatish haqidagi deklaratsiyasi BMT Xavfsizlik kengashi rezolyusiyalari hamda xalqaro huquqqa butkul ziddir.

Ta’kidlanishicha, Isroilning bu qadami hech qanday yuridik kuchga ega emas va Falastinning ishg‘ol ostidagi yerlari, jumladan, Sharqiy Quddusning huquqiy maqomini o‘zgartira olmaydi.

Islom olami tashkilotlari Isroil Falastin yerlariga egalik qila olmasligini urg‘ular ekan, bu kabi provokatsion harakatlar G‘azo sektoridagi qonli urush va gumanitar falokat sharoitida taranglikni battar kuchaytirishidan ogohlantirgan.

Bayonot mualliflari xalqaro hamjamiyat, jumladan, BMT Xavfsizlik kengashini Falastin oldidagi huquqiy va axloqiy majburiyatlarni ado etishga, Isroilning bosqinchilik siyosatiga chek qo‘yishga undagan.

Qayd etilishicha, Isroil–Falastin ziddiyati faqat 1967 yilgi chegaralarda, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlati ta’sis etilishi bilan hal etilishi mumkin.

Falastin tashqi ishlar vazirligi esa Knessetning xalqaro huquqqa zid hujjatini “Falastin xalqiga yangi urush e’lon qilish” deya baholagan.

TIVga ko‘ra, G‘arbiy Sohilning anneksiya qilinishi genotsid siyosatining yangi bir shakli hisoblanadi.

Avval xabar berganimizdek, Knesset kuni kecha Isroil suverenitetini “Yahudiya, Samariya va Iordaniya vodiysi”gacha kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani ma’qulladi. Ushbu hujjatda Iordan daryosining G‘arbiy Sohili “yahudiy xalqi tarixiy vatanining ajralmas qismi” ekani iddao qilingan.

Ma’lumot o‘rnida: Isroil armiyasi joriy yil yanvar oyidan buyon G‘azo sektori bilan parallel ravishda G‘arbiy Sohilda ham keng ko‘lamli harbiy amaliyot olib bormoqda.

“Aksilterror operatsiyasi” deya niqoblangan amaliyot mobaynida minglab falastinlik yashash joyini tashlab chiqishga majbur etilgan. Falastin tomoni Isroil armiyasi hujumidan ko‘zlangan maqsad mintaqaning aholi tarkibini o‘zgartirish deb bong urmoqda.

Isroil armiyasi G‘arbiy Sohildagi o‘nlab binolarni portlatgan. Yahudiy davlati armiyasi ushbu binolardan terrorchilar foydalanganini iddao qilgan. BMT esa hududda zo‘ravonlik kuchayib ketganidan xavotir izhor etgan.

Tahlilchilar G‘azo sektorini yashash uchun butkul yaroqsiz holga keltirgan Isroil armiyasi endilikda G‘arbiy Sohilda ham ana shunday vayronkor amaliyot o‘tkazayotganini aytmoqda.

Buyuk Britaniyada joylashgan “Save the Children” tashkiloti hududda bolalarni o‘ldirish ko‘rsatkichi keskin ortganidan ogohlantirgan.

Avvalroq Isroilning radikal qanotga mansub moliya vaziri Betsalel Smotrich G‘arbiy Sohilda yahudiy uylarini qurish uchun mablag‘ ko‘paytirilishini ma’lum qilgandi. Xalqaro huquqqa zid bu tashabbus Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar tomonidan qoralangan.

Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.

Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Binyamin Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy Sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan.

Netanyahuning o‘zi bir necha yildan buyon anneksiya rejasini ochiq muhokama qilib keladi.

BMT ko‘p yillardan buyon Tel-Avivning okkupatsiya siyosatini qoralab keladi. Xususan, BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring