Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ispaniya yaqin muddatda Falastin davlatini rasman tan olishi mumkin

Ispaniya yaqin muddatda Falastin davlatini rasman tan olishi mumkin

Ispaniya yaqin muddatda Falastin davlatini rasman tan olishi mumkin. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches ma’lum qilgan.

«Xalqaro hamjamiyat va Yevropa Ittifoqi Falastin davlatini tan olishi vaqti keldi. Bu juda muhim masala. Bu odimni YeI bilan birgalikda otishimiz kerak. YeI Falastin davlatini tan olmagan taqdirda ham Ispaniya mustaqil holda shunday qaror qabul qiladi», – degan Ispaniya yetakchisi.

Hozirga qadar Bolgariya, Kipr, Chexiya, Vengriya, Malta, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Shvetsiya kabi YeI mamlakatlari Falastin davlatini tan olgan. Ittifoqda kuchli ovozga ega Ispaniyaning shunday qaror qabul qilishi katta aks sado berishi aytilmoqda.

Isroil HAMASning 7-oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azo sektorida urush olib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar 2,3 million aholi qamalda qolgani, harbiy amaliyotda minglab tinch aholi vakillari halok bo‘layotgani haqida bong urmoqda.

Ispaniya Isroilning G‘azoda tinch aholi o‘limiga olib kelgan xatti-harakatlarini ochiq tanqid qilgan kam sonli Yevropa davlatlaridan bo‘lib qolmoqda.

Ispan hukumati rahbari P.Sanches 25-noyabr kuni Misrni G‘azo bilan bog‘lovchi Rafah chegara punktiga tashrif buyurib, falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilayotganini qoraladi va doimiy otashkesimga chaqirdi. 

«Begunoh aholi vakillari, jumladan, minglab o‘g‘il-qizlarning o‘ldirilishini mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Zo‘ravonlik yanada kuchli zo‘ravonlikka yo‘l ochadi», – degan Pedro Sanches.

Ispaniya yetakchisi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvda ham yahudiy davlati o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekani, ammo G‘azo sektoridagi gumanitar falokatni zudlik bilan to‘xtatish muhimligini ham uqtirgan.

Isroil tashqi ishlar vazirligi ushbu bayonotlar ortidan Ispaniyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. O‘z navbatida, Ispaniya tashqi ishlar vaziri bu ayblovni yolg‘on va asossiz deb baholagan hamda Isroilning Madriddagi elchisiga norozilik notasi topshirgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Ispaniyaning Barselona shahri ma’muriyati Isroil bilan aloqalarni uzgan. Barselona hokimiyati BMT rezolyusiyalariga muvofiq, Falastin xalqining davlatchilik huquqi ta’minlanishi, Isroil okkupatsiyasiga chek qo‘yish lozimligini talab qilgan.

Rasmiy Madrid xalqaro hamjamiyatni G‘azo, G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusni o‘z ichiga olgan Falastin davlatini ta’sis etish yo‘lida harakat qilishga undamoqda.

Avvalroq Ispaniya ijtimoiy siyosat vaziri Ione Belarra Isroilni G‘azoda qatliom uyushtirishda ayblab, yahudiy davlatiga qarshi moliyaviy sanksiyalar kiritishni taklif qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring