Ispaniyadagi katta elektr uzilishi kamida besh kishining umriga zomin bo‘ldi

Joriy hafta boshida Yevropaning bir qancha mintaqalarini qamrab olgan keng ko‘lamli elektr ta’minoti uzilishi oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi.
Ispaniyaning Orense viloyatidagi Taboadela shaharchasida bir oiladan uch kishi: 81 yoshli erkak, 77 yoshli uning ayoli va 56 yoshli nogiron farzandi o‘z uyida halok bo‘lgan. Tergovga ko‘ra, ular elektr ta’minoti uzilgan paytda nafas olish uskunasi uchun yoqilg‘i generatoridan foydalangan. Generatorning yomon ventilyasiya qilingan xonalarda ishlashi natijasida uglerod oksidi (CO) tarqalgan va oila a’zolari zaharlanib halok bo‘lgan.
Valensiya viloyatining Alsira shahrida, 46 yoshli ayol nafas olishni ta’minlovchi kislorod apparati toksiz qolganidan keyin hayotdan ko‘z yumdi. Uning o‘limi haqida xabar berilgach, politsiya va tibbiy yordam xodimlari yordam ko‘rsatishga shoshilishgan, ammo ayolni saqlab qolishga ulgurmagan.
Madridning Karabanchel tumanida esa, shanba kuni kechqurun elektr uzilishi paytida bir uyda yong‘in kelib chiqqan va natijada ayol kishi halok bo‘lgan. Ilk ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in sababi sham yoqilgani bo‘lishi mumkin. Hodisa joyidagi qora tutun bir necha xonadonlarga tarqalgan, 13 kishi jarohatlangan va shundan 5 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, Galisiya (Kataloniya) mintaqasida zaharli gaz tarqalishi bilan bog‘liq yana 9 ta holat qayd etilgan va Rianxoda ikki kishi uglerod oksidi bilan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgan.
Hozirda tergov ishlari davom etmoqda. Elektr ta’minoti tiklanmagan joylarda aholi hanuz qorong‘ulikda qolmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter