Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil Eronga hujum qildi

Isroil Eronga hujum qildi

Isroil harbiylari tunda Erondagi harbiy ob’yektlarga zarbalar berdi. Eron Isroilning tajovuziga javob berishga tayyorligini ma’lum qildi.

1 oktabr kuni Tehron Isroilga 200 ga yaqin ballistik raketa uchirganidan keyin Isroil harbiylarining Eronga javobi kutilgan edi.

Isroilning javob hujumi ko‘lami hozircha aniq emas, biroq Isroil jamoat televideniyesi o‘nlab qiruvchi samolyotlar Eron harbiy ob’yektlariga zarba berganini qayd etdi. Tehronning g‘arbiy va janubi-g‘arbidagi bir qancha harbiy bazalar Isroil tomonidan o‘qqa tutildi, deb tasdiqladi Eronning Fars axborot agentligi.

Nishonlarga energetika infratuzilmasi yoki yadroviy inshootlar kiritilmagan.

Isroil zarbalarining asosiy maqsadi Eron mudofaa sanoatining markaziy harbiy inshootlari, jumladan, raketa zavodlari, dronlarni ishlab chiaruvchi hamda ballistik raketalarni uchirish bazalari bo‘lgan.

Eron davlat televideniyesi Tehron yaqinida «kuchli portlashlar» sodir bo‘lganini xabar qildi.

Shu bilan birga, Eron razvedkasi vakillari davlat televideniyesiga kuchli portlashlar ovozi «Eron havo mudofaa tizimining faollashuvi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini» aytishgan.

Bi-bi-si fors xizmatining Tehrondagi guvohlarga tayanib xabar berishicha, mahalliy vaqt bilan soat 2:13 da Eron poytaxti yaqinidagi xalqaro aeroport atrofida 7 tadan 15 tagacha portlash sodir bo‘lgan.

Eron davlat matbuoti hozirda Isroil hujumlari haqiqiy zarar keltirganini inkor etib, ularni muvaffaqiyatsiz deb atamoqda.

Tongga yaqin hujumlarning ikkinchi to‘lqini boshlandi. Tehron sharqida yana to‘rtta portlash ovozi eshitilgan, poytaxtda «havo hujumidan mudofaa vositalari hamon faol» ekani aytildi.

«Tasnim» axborot agentligi manbalarga tayanib xabar berishicha, Eron Isroilning har qanday tajovuziga javob berishga tayyor.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring