Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil harbiylari nishoniga aylangan amerikalik ayol

Isroil harbiylari nishoniga aylangan amerikalik ayol

G‘arbiy sohilda yahudiylar turarjoylarining kengayishiga qarshi namoyishlar chog‘ida 26 yoshli ayol halok bo‘ldi.

AQSh-Turkiya fuqaroligiga ega bo‘lgan Ayshenur Ezgi Eygi qochqinlar lageri yaqinidagi Beyta shaharchasida namoyishda qatnashayotgan paytda uning boshiga o‘q uzildi.

U Isroil harbiylari tomonidan otib o‘ldirildi. Isroil Mudofaa kuchlari voqeadan xabardor ekanini va tergov olib borayotganini aytdi.

Isroillik faol holatni fosh qildi

Isroillik faol Jonatan Pollakning aytishicha, Ayshenur Ezgi Eygi Isroil harbiylarining nishoni bo‘lgan.

Pollak amerikalik faolning namoyish paytida o‘ldirilgani lahzalarini tasvirlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eygi isroillik askarlar tomonidan otib tashlangan. «Biz Isroil falastinliklardan tortib olgan hududga norozilik bildirish uchun borgandik», deydi u.

Pollak, falastinlik yoshlarning Baytdagi juma namozidan keyin Isroil askarlari tomonidan qurshab olinganini ma’lum qilgan: «Namoz tugashi bilan askarlar bilan yoshlar o‘rtasida keskinlik boshlandi. Askarlar zudlik bilan ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va o‘qlardan foydalana boshlashdi».

Pollakning so‘zlariga ko‘ra, to‘qnashuvlar tufayli askarlar taxminan 150-200 metr uzoqlikda joylashgan qishloqqa chekinishgan va uylardan birining tomidagi strategik nuqtaga joylashgan.

«Uni otgan askar hammasini aniq ko‘rdi»

Isroil askarlari Turkiya va AQSh fuqarosi Eygini aniq nishonga olganliklarini ta’kidlagan Pollak: «Unga qarata ikki marta otishdi. Birinchi o‘q uning boshiga tegdi. Keyin ikkinchi o‘q ovozini eshitdim. Men 10-15 metr narida zaytun daraxtlari ostida yotgan yarador Eygi tomon yugurdim. Uni otgan askar hammasini aniq ko‘rdi», dedi.

Pollak unga birinchi yordam ko‘rsatishga uringanini aytdi: «Qon ketishini to‘xtatish uchun qo‘limni uning boshi ostiga qo‘ydim, yurak urishini tekshirdim, u juda zaif edi. Biz tez yordam chaqirib, uni mashinaga joylashtirdik».

Isroillik faolning qo‘shimcha qilishicha, Eygi avval Beyta tibbiyot markaziga, so‘ngra Rafidiya davlat kasalxonasiga olib ketilgan: «Kasalxonada uni jonlantirishga harakat qilishdi, ammo hayotini saqlab qola olishmadi. U olamdan o‘tdi».

«Bu yagona hodisa emas»

Bu Isroil askarlarining falastinliklarga uyushtirgan hujumlarining bir qismi ekanligiga e’tiborni qaratgan Pollak: «2021-yildan beri Baytda 17 nafar faol halok bo‘ldi, ularning barchasi falastinliklardir. Bugungi kunda bu haqda dunyo eshitganining sababi — AQSh fuqarosining fojiali o‘limidir. Bu voqea boshqalaridan farqlanmaydi. Bu Falastin xalqining kurashini bostirish, so‘nggi oylarda G‘arbiy sohilda Isroil zo‘ravonliklarining kuchayishi va G‘azoda Isroil genotsidining bir qismidir», deydi.

Pollak, nima bo‘lishidan qat’i nazar, Falastin xalqining ozodlik kurashini qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini aytgan.

AQShning munosabati

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken, turk faoli, AQSh fuqarosi Ayshenur Ezgi Eygining Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirilganidan chuqur taassufda ekanligini bildirdi.

AQSh hukumati nomidan Eygining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirishini ta’kidlab, u shunday dedi: «Ushbu fojiali yo‘qotishdan chuqur qayg‘udamiz. Hozir eng muhimi faktlarni aniqlashdir, har qanday qadamimiz faktlarga bog‘liq bo‘ladi».

«Birinchi navbatda, voqea qanday sodir bo‘lganini aniqlab olaylik va shunga ko‘ra kerakli xulosalar chiqaramiz», qo‘shimcha qiladi Blinken.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring