Isroil olimi Eronga atom bombasi tashlashni taklif qildi
Isroillik taniqli tarixchi olim Benni Morris mamlakat rahbariyatini Eronga yadro quroli bilan zarba yo‘llashga undadi. «Haaretz» gazetasida chop etilgan maqolasida olim Eronning yadro dasturini to‘xtatishning maqbul yo‘li shu ekanini urg‘ulagan.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 14 aprelga o‘tar kechasi Eron Damashqdagi konsulligi Isroil tomonidan bombalanganiga javoban yahudiy davlati hududiga dron va raketalar orqali hujum uyushtirdi. Oqibatda, Tehron va Tel-Aviv o‘rtasida munosabatlar yanada taranglashib, tomonlar urush holatiga kelib qoldi.
Benni Morris Isroil rahbariyatining Eron raketa hujumiga javobini «zaif» deb baholagan. Unga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, Isroil yaqin oylarda aniq harakatlar qilishi kerak.
B.Morris fikricha, AQSh Eron bilan to‘laqonli urushga jur’at qilmas ekan, Isroil azaliy raqibiga qarshi kurashda «noan’anaviy imkoniyatlar»dan foydalanishga majbur bo‘ladi.
Tarixchi olim da’vosiga ko‘ra, Eron yadro bombasi ishlab chiqarish uchun kerak bo‘lgan ko‘rsatkich – uranni 90 foiz boyitish imkoniga ega bo‘lish arafasida. Hozircha Isroil harbiy jihatdan Erondan ustunlikka ega, ammo yaqin yillarda bu ustunlik boy berilishi mumkin. Shunga ko‘ra, u Isroil tezroq Eron yadro dasturini yo‘q qilishi kerak deb hisoblaydi.
So‘nggi vaqtlarda Isroil rasmiylari tomonidan ommaviy qirg‘in qurolini ishga solish ehtimoli bot-bot muhokama qilinmoqda. Jumladan, 2023 yil noyabr oyida Isroilning Quddus va meros ishlari bo‘yicha vaziri Amixay Eliyahu G‘azo sektorida atom bombasini qo‘llash haqida gapirgan edi. Bu taklif so‘nggi oylarda Isroilning G‘azo sektoridagi xalqaro huquqqa zid harakatlarini tashvish bilan kuzatayotgan dunyo hamjamiyatini yanada kuchli xavotirga soldi.
Ma’lumot o‘rnida, Isroil ommaviy qirg‘in quroliga ega ekanini ochiq tan olmaydi, buni inkor ham etmaydi.
Yadro qurolini yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro tashabbus (ICAN) hisobotida Isroil ommaviy qirg‘in quroliga ega davlatlar safida zikr qilingan.
Xalqaro tuzilma xulosasiga ko‘ra, hozirda Isroil 90 ta yadro kallagiga ega.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter