Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil yana «qizil chiziq»ni kesib o‘tdi

Isroil yana «qizil chiziq»ni kesib o‘tdi

6 iyun kuni Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi BMTning falastinliklarga ko‘mak bo‘yicha agentligi tasarrufidagi maktabga raketa zarbasi yo‘lladi. Hujum oqibatida kamida 40 kishi, jumladan, 14 nafar bola va  9 nafar ayol halok bo‘ldi.

BMTning falastinliklarga ko‘mak bo‘yicha agentligi bosh komissari Filipp Lazzarini ko‘plab tinch aholi boshpana sifatida foydalanayotgan maktabga ogohlantirishsiz bomba tashlanganini qoralagan. Aniqlanishicha, Nuseyrat qochqinlar lageridagi maktabga hujum payti u yerda 6000 nafar falastinlik bo‘lgan.

Isroil armiyasi maktabda HAMASning qo‘mondonlik punkti bo‘lgani va raketa zarbasida jangarilar o‘ldirilgani haqida bayonot bergan. Ammo HAMAS harakati bu da’voni rad etgan.

«Bosqinchilar maktabdan boshpana topgan o‘nlab odamlarga qarshi shafqatsiz jinoyatini oqlash va jamoatchilik fikrini boshqa o‘zanga burish uchun soxta ma’lumotlardan foydalanmoqda», – degan harakat vakili.

CNN telekanali o‘nlab falastinlik o‘limiga olib kelgan hujum AQSh qurollari orqali amalga oshirilganiga e’tibor qaratgan.

Xalqaro tashkilotlar Isroil armiyasi urush qonunlariga ko‘ra daxlsiz sanalgan maktab, shifoxona va tinch aholi qo‘nim topgan lagerlarga muttasil hujumlar uyushtirayotgani haqida bong urib keladi. G‘azoda urush boshlangan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon BMT tasarrufidagi 180 ta binoga hujum uyushtirilgan.

26 may kuni Isroilning Rafah shimoli-g‘arbidagi tinch aholi chodirlarini bombalashi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘ldi va yana bir necha kishi yaralandi.

BMT bu hujumni qoralab, Isroil armiyasining harakatlari natijasida G‘azo sektori «yer yuzidagi do‘zax»ga aylangani haqida bayonot berdi.

May oyida G‘azo sektoridagi «Ash-Shifo» tibbiyot majmuasi hududidan yana bir birodarlik qabrlari topildi. BMT  Xavfsizlik kengashi kasalxonalar va uning atrofida yuzlab jasadlar topilgani yuzasidan chuqur xavotir bildirgan va tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Isroil HAMAS hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan buyon o‘tgan 244 kun davomida 36586  nafar falastinlik halok bo‘ldi,  83309 nafari jarohatlandi.

BMTning salomatlik huquqi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Tlaleng Mofokeng qamaldagi G‘azo sektorida amalga oshirilayotgan zo‘ravonliklarni shubhasiz genotsid deb atagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring