Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroilning Eronga hujumiga doir muhim tafsilot ma’lum bo‘ldi

Isroilning Eronga hujumiga doir muhim tafsilot ma’lum bo‘ldi

Netanyahu harbiy bazada Eronga tungi hujumni kuzatmoqda.

Foto: Axios

Isroil shanbaga o‘tar kechasi Eronga raketa zarbalari uyushtirgani haqida xabar bergan edik.

AQShning Axios nashri o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Isroil rasmiylari hujumdan avval Eron hukumatini bundan xabardor qilgan va hujumga javob qaytarmaslikni so‘ragan.

Tel-Avivning bu harakati Tehron bilan keng ko‘lamli urushni istamasligi va ikki o‘rtadagi taranglikni yumshatmoqchi ekanidan dalolat beradi.  

Tahlilchilarga ko‘ra, AQShning bosimi ostida Isroil Eron bilan jiddiy ixtilofga bormaslikni ma’qul ko‘rmoqda. Qolaversa, G‘azo sektori va Livandagi qirg‘inbarot davomida yahudiy armiyasi ancha holdan toygan.

Isroil rasmiylari bugun Eronning havo hujumidan mudofaa tizimi hamda raketa, dronlar bazalariga hujum uyushtirgani haqida xabar berdi. Zarbalar 100 dan ziyod uchoqlar, jumladan, F-35 qiruvchilari orqali yo‘llangan.

Tel-Aviv bu Eronning 1 oktyabrdagi ommaviy raketa hujumiga javob ekanini ma’lum qilgan.

Eron rasmiylari ta’kidicha, Isroil hujumi muvaffaqiyatli qaytarilgan va mamlakat jiddiy talafot ko‘rmagan.

Keyinroq hujum payti Eronning ikki askari halok bo‘lgani haqida xabar tarqaldi.

O‘z navbatida, Isroil tomoni ham hujum samarali bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Vashington vakili AQSh hujumda qatnashmagani, ammo Eron yana javob qaytarsa, Isroilni himoya qilishini ta’kidlagan. Xususan, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Eronga hujumdan keyin isroillik hamkasbi Yoav Galant bilan telefon orqali suhbatlashib, «Qo‘shma Shtatlar Isroilni himoya qilishda sobit» ekanini tasdiqlagan.

Prezidentlik saylovi yaqinlashayotgan pallada Oq uy ashaddiy raqiblar – Isroil va Eron o‘rtasidagi keskin munosabatni yumshatishga urinmoqda.

«Maqsadimiz – Yaqin Sharq mintaqasida diplomatik choralarni ishga solish va taranglikni yumshatish. Biz jangovar harakatlar silsilasi to‘xtashi uchun Eronni Isroilga hujumlarni bas qilishga chaqiramiz», – degan AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili.

G‘arbdagi manbalarga ko‘ra, Isroil avval-boshda Eronning yadro va neft ob’yektlariga zarba berishni rejalashtirgan. Ammo Jo Bayden hukumati Binyamin Netanyahu ma’muriyatini bu qarordan qaytargan.

Tel-Aviv va Tehron o‘rtasidagi chigal munosabatlar so‘nggi paytlarda yanada taranglashdi.

Oxirgi uch-to‘rt yilda kechgan «soyadagi urush» mobaynida Eronning yetakchi harbiylari va olimlari o‘ldirildi, yadro ob’yektlariga hujumlar uyushtirildi.

Hozirgi vaziyatda esa yahudiy davlati ham, fors davlati ham o‘zaro keng ko‘lamli urushni istamasligi aytiladi. Shunga ko‘ra, ikki o‘rtadagi raketa hujumlari «jamoatchilik uchun qo‘yilayotgan spektakl» degan taxmin ham mavjud.

So‘nggi oylarda ikki o‘rtada josuslar o‘yinlari ham kuchaygan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring