Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan noxush bashorat

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan noxush bashorat

Onkolog ko‘rigida. Lion shahri, Fransiya.

Foto: JSST

2050 yilga borib saraton xastaligiga chalinish ko‘rsatkichi 77 foizga oshadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) ixtisoslashgan tuzilmasi – Saratonni tadqiq etish bo‘yicha xalqaro agentlik hisobotida shunday noxush xulosa qayd etilgan. 

Xalqaro tashkilot dunyoning 115 mamlakatida o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov yakunlariga ko‘ra, aksar mamlakatlarda saratonni davolash bo‘yicha bazaviy xizmatlar ham munosib darajada moliyalashtirilmagan. Faqat 39 foiz mamlakatgina o‘z fuqarolariga xastalikni davolash bo‘yicha asosiy tibbiy xizmatni taqdim etmoqda. Binobarin, dunyoda onkologik xastaliklarga qarshi sifatli muolajadan foydalanish borasida kuchli tengsizlik va tabaqalanish saqlanib qolmoqda.

2022 yilda sayyoramiz bo‘yicha ushbu xastalikka chalinish bo‘yicha 20 millionta yangi holat ro‘yxatga olingan. Saraton oqibatida 9,7 million bemor hayotdan ko‘z yumgan.

O‘pka, ko‘krak bezi, yo‘g‘on ichak, prostata va oshqozon saratoni xastalikning eng keng tarqalgan turi sifatida qayd etilgan. Masalan, 2022 yil davomida birgina o‘pka saratoni bilan bog‘liq 2,5 millionta, ko‘krak bezi saratoni bilan bog‘liq 2,3 millionta va yo‘g‘on ichak saratoni bilan bog‘liq 1,9 millionta yangi holat kuzatilgan.

Yil davomida o‘pka saratonidan 1,8 million kishi (onkologik xastalik ortidan o‘limlarning 18,7  foizi) yorug‘ dunyo bilan vidolashgan. Ekspertlar o‘pka saratonining avj olishini tamaki iste’moli ortishi bilan izohlagan. 

JSSTning yaqin istiqbol bo‘yicha bashorati u qadar nekbin emas: 2050 yilga borib, saratonga chalinish bilan bog‘liq holatlar 35 millionga yetadi. Bu esa xastalik 2022 yilga nisbatan 77 foizga ko‘payishidan dalolat beradi. Tabiiyki, o‘limlar ham karrasiga ortadi.

Xavotirli jihati shundaki, xastalikning tarqalish ulushi kambag‘al davlatlarda yuqori darajada bo‘lishi kutilmoqda. Jumladan, Inson taraqqiyot indeksi past bo‘lgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 142 foizga, o‘rta darajadagi mamlakatlarda esa 99 foizga yetadi.

JSSTning saraton bilan bog‘liq holatni nazorat qilish bo‘limi rahbari Freddi Breyning fikricha, kambag‘al va qo‘li kalta toifaning onkologik xastaliklarga qarshi kurashishi juda og‘ir kechadi.

Qarish jarayoni, ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar, tamaki va spirtli ichimliklar iste’moli, semirish, atrof-muhit ifloslanishi kasallik chaqiruvchi omillar sifatida sanalgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring