Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Janubiy Koreyaning sobiq bosh vaziri Xan Dok Su 23 yilga qamaldi

Janubiy Koreyaning sobiq bosh vaziri Xan Dok Su 23 yilga qamaldi

Foto: Yonhap

Janubiy Koreyaning Seul markaziy tuman sudi mamlakatning sobiq bosh vaziri Xan Dok Suni 2024-yil dekabr oyida mamlakatda harbiy holat joriy etishga urinish ishi doirasida 23 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Bu haqda The Korea Herald nashri xabar berdi.

Ayblovga ko‘ra, harbiy holat joriy etishga urinish tashabbusi bilan chiqqan sobiq prezident Yun Sok Yol bo‘lgan, Xan Dok Su esa ushbu qarorni e’lon qilishdan oldin va keyin ko‘rilgan chora-tadbirlarga faol ravishda ko‘maklashgan.

Sud Xan Dok Suning Yun Sok Yolga ko‘maklashgani deb topdi hamda ushbu siyosiy inqirozni rasman «isyon» sifatida baholadi. Shuningdek, u 6-dekabr kuni – harbiy holat amalda e’lon qilinganidan uch kun o‘tib – tegishli farmonni qalbaki ravishda tayyorlab, imzolaganlikda aybdor deb topildi. Bu harakat harbiy holatni qonuniy ko‘rinishga keltirishga urinish sifatida baholangan.

Bundan tashqari, Xan Dok Su Yun Sok Yolga nisbatan impichment jarayonida sudga yolg‘on ko‘rsatma berganlikda ham ayblandi. U o‘sha jarayonda harbiy holat to‘g‘risidagi farmondan xabardor bo‘lmaganini ta’kidlagan edi.

Maxsus prokuror sobiq bosh vazir uchun 15 yillik qamoq jazosi so‘ragan bo‘lsa-da, sud unga nisbatan ancha og‘ir hukm chiqardi. Xan Dok Su sud jarayoni davomida barcha ayblovlarni rad etgan va harbiy holat joriy etish rejasidan oldindan xabardor bo‘lmaganini aytgan. Hukm o‘qib eshittirilgandan so‘ng u sud zalining o‘zidayoq hibsga olindi.

Xan Dok Su Janubiy Koreyada 2006-2022 yillar oralig‘ida bir necha bor bosh vazir lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 3-dekabr kuni prezident Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etilganini e’lon qilib, bunga «Shimoliy Koreya kommunistik kuchlaridan kelayotgan tahdid»ni sabab qilib ko‘rsatgan edi. Biroq parlament bir necha soat ichida bu qarorni bekor qildi. Shundan so‘ng Yun Sok Yol isyonga undashda ayblanib, impichment qilindi.

Yun Sok Yol lavozimidan chetlatilgandan keyin Xan Dok Su vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. Biroq 2024-yil oxirida u Konstitutsiyaviy sudga qo‘shimcha uch nafar sudya tayinlashdan bosh tortgani uchun o‘zi ham impichmentga uchradi. 2025-yil mart oyida sud impichmentni rad etdi va uni lavozimiga tikladi, ammo may oyida Xan Dok Su iste’foga chiqdi. Iyun oyida esa mamlakatning yangi prezidenti etib Li Chje Men saylandi.

2025-yil avgust oyida Xan Dok Su «isyonga ko‘maklashish» aybi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan, biroq hukm chiqarilguniga qadar ozodlikda qolgan edi.

Shu bilan birga, 13-yanvar kuni prokuratura sobiq prezident Yun Sok Yol uchun o‘lim jazosi tayinlashni so‘ragani ham ma’lum qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring