Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Jurnalistika jinoyat emas!» – Germaniya tashqi ishlar vaziri

«Jurnalistika jinoyat emas!» – Germaniya tashqi ishlar vaziri

Foto:«dpa»

Erkin axborotsiz demokratik qadriyatlar ustuvorligiga erishib bo‘lmaydi, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas 3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan bergan bayonotida.

Qayd etilishicha, mustaqil matbuot jamiyat taraqqiyoti uchun hayot-mamot masalasi sanaladi.

Germaniya bosh diplomati dunyo bo‘ylab jurnalistlar hamon kasbiy faoliyati sabab o‘ldirilayotganini taassuf ila qayd etgan. Birgina 2020-yilda 50 dan ziyod OAV vakili o‘ldirildi, ko‘plab jurnalistlar hibs hamda qiynoqlarga duchor etildi. «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti hisob-kitobiga ko‘ra, o‘tgan yili sayyoramiz bo‘ylab 400 nafar jurnalist qamoqqa tashlandi.

«Jurnalistika jinoyat emas va (bu soha) hayot uchun xatarli bo‘lmasligi kerak. Axborot esa ijtimoiy ne’mat hisoblanmog‘i darkor», – dedi Hayko Maas. 

Germaniya tashqi ishlar vaziri COVID-19 pandemiyasi davrida jurnalistlar faoliyati yanada muhim ahamiyat kasb etgani, ayni choqda, o‘tayotgan sinovli yillarda bu kasb-kor yanada qiyinlashganini ta’kidlagan.  Xususan, H.Maas ko‘plab mamlakatlar koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash niqobida OAV xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik qilayotganini qayd etar ekan, bu hol yolg‘on axborot yoyilishiga sabab bo‘lishidan ogohlantirgan.

Germaniya tashqi ishlar vazirligi so‘z erkinligini butun dunyoda himoya qilishni muhim vazifalardan biri o‘laroq e’lon qilgan.

«Erkin, mustaqil va xilma-xil qarashdagi matbuot demokratiya barqarorligi tamallaridan sanaladi. Erkin matbuot taftish etadi, sahna ortiga nazar soladi, keng jamoatchilikni axborot bilan ta’minlaydi va o‘rgatadi, hisobdorlikni talab etib, bahs-munozaralarga chorlaydi», – deb hisoblaydi Germaniya TIV H.Maas.

3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni sanasi 30 yillik tarixga ega. 1991-yili YuNESKOning Vindhuk shahrida (Namibiya) tashkil etilgan anjumanida erkin va mustaqil matbuotni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilingan edi. BMT Bosh assambleyasining 1993-yil 20- dekabrdagi rezolyusiyasi bilan 3 may xalqaro bayram sanasi o‘laroq e’lon qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring