Kim Chen In Janubiy Koreyaga piyoda keladi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In bilan bo‘ladigan uchrashuvga kelish uchun Janubiy Koreya bilan chegaradagi demarkatsiya chizig‘ini piyoda kesib o‘tadi. Bu haqda «Gazeta.ru» «Bloomberg» xabariga asoslanib ma’lum qilmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, 27-aprel kuni Kim Chen In mahalliy vaqt bilan soat 9:30 da (Toshkent vaqti bilan 6:30) chegarani kesib o‘tadi. Qayd etish kerakki, ikki Koreya rahbarlari 2007-yildan buyon ilk marta uchrashmoqda. Bu esa Koreya urushidan buyon uchinchi uchrashuv bo‘ladi.
«Ushbu uchrashuv to‘lig‘icha barqaror tinchlikni saqlash va yadroviy qurolsizlanishga bag‘ishlanadi», — deya bayonot bergan Mun Chje In ma’muriyati rahbari va muzokaralar tashkiliy qo‘mitasi rahbari Im Chjon Sok.
Eslatib o‘tamiz, ikki Koreya rahbarlari o‘rtasidagi ushbu tarixiy uchrashuv 27-aprel kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Shuningdek, may oyi oxiri yoki iyun oyi boshida AQSh prezidenti Donald Tramp hamda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘rtasida ham uchrashuv bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter