Kim Chen In Yaponiya bilan istalgan paytda muzokara o‘tkazishga tayyor

«Shimoliy Koreya lideri Kim Chen In Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In bilan 27-aprel kuni bo‘lib o‘tgan sammit chog‘ida Pxenyanning istalgan paytda Yaponiya bilan muzokara o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi», — deya xabar bermoqda «RIA Novosti».
Bu haqda Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida ma’lum qilgan.
«Prezident Mun Sindzo Abe bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida unga Pxenyanning Yaponiya bilan istalgan vaqtda muzokara o‘tkazishga tayyorligini yetkazdi», — deyiladi Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyati press-relizida.
Shuningdek, Janubiy Koreya Yaponiya hamda KXDR o‘rtasida vositachi bo‘lishga ham tayyorligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 27-aprel kuni ikki Koreya rahbarlarining tarixiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Kim Chen In harbiy demarkatsiya zonasini kesib o‘tib Janubiy Koreya hududiga qadam qo‘ygan ilk KXDR lideriga aylandi. Sammit yakunida tomonlar qo‘shma deklaratsiyani imzolashdi. Deklaratsiyaga muvofiq KXDR va Janubiy Koreya birgalikda yarimorolning yadrodan xoli zonaga aylanishiga harakat qilishga, aloqalarni yaxshilashga, birgalikda rivojlanishga va birlashishga kelishib olishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter