Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kovid vaksinasini olish uchun kampir ko‘rinishida kelgan ayollar fosh bo‘ldi (video)

Kovid vaksinasini olish uchun kampir ko‘rinishida kelgan ayollar fosh bo‘ldi (video)

Foto: «Abc7chicago.com»

Florida shtatida 34 va 44 yoshdagi ayollar koronavirusga qarshi vaksinaning ikkinchi dozasini olish uchun kampirlar kabi kiyinib olishgandi, ammo shifokorlar buni vaqtida payqab qolishdi, deya xabar berdi WKMG-TV telekanali.

Hammasi 17-fevral kuni Oranj okrugida sodir bo‘ldi. Shtat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakili Raul Pinoning so‘zlariga ko‘ra, vaksina qilayotgan xodimlar ayollarning «kulgili ko‘rinishini» payqab qolishgan va ularning emlanishiga ruxsat berishmagan. Ularning vaksinatsiya kartalari haqiqiy bo‘lgan, faqat «haydovchilik va shaxsiy guvohnomalarida ayrim muammolar» aniqlangan.

«Kecha ikkinchi marta emlanish uchun vaksinatsiya markaziga ikkita ayol kampirlarga o‘xshab kiyinib kelganini aniqladik. Ular birinchi safar qanday qilib qo‘lga tushmaganiga hayronman, lekin ular vaksina uchun kelishgan. Shlyapalar, qo‘lqoplar, ko‘zoynaklar — bularning hammasi ularni fosh qilib qo‘ydi», — dedi Pino brifing paytida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xonimlar vaksinaning birinchi dozasini olgan-olmagani hali noma’lum. Shu bois ushbu masala bo‘yicha tergov tashkil etildi. Voqea joyiga yetib kelgan okrug sherifi idorasi vakillari ayollarni o‘zgalarning mulkiga tajovuz qilish to‘g‘risida ogohlantirishdi.

Hodisa tufayli vaksinatsiya markazida qo‘riqlash xizmati kuchaytirildi. Pinoning aytishicha, ushbu markazda mutaxassislar har kuni 65 yosh va undan katta 2,5 mingga yaqin odamni emlashadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring