Makron: «Fransiya hech kimdan dars olishga muhtoj emas»

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropani qiynayotgan migratsiya muammolari haqida gapirdi va muammoni YeIning barcha davlatlari o‘zaro kelishgan holda hal qilishlari lozimligini aytdi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar bermoqda.
«Muammoning yechimi uchun shaffof g‘oyalar lozim. Bizda, Yevropa Ittifoqida o‘z qadriyatlarimiz bor va har gal ularga xiyonat qilib yomon oqibatlarga duchor bo‘lyapmiz. Qadriyatlar bu — inson huquqlarini hurmat qilish, boshqa mamlakatlarni va bizni birlashtirib turuvchi birdamlikni hurmat qilishdir», — deya jurnalistlarga bayonot berdi Makron.
Shuningdek, u muammoga optimal yechim davlatlarning o‘zaro hamkorligida topilishini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa ittifoqi davlatlari yukni teng taqsimlashlari lozim.
Yevropa ittifoqining Bryusselda ochilgan migratsiya bo‘yicha favqulodda sammitida Fransiya hamda Ispaniya Yevropada migrantlar uchun «yopiq zonalar» tashkil etish bo‘yicha tayyorlangan rejani taqdim qilishi kutilmoqda.
Ammo bu tashabbusga Italiya keskin noroziligini bildirdi: mamlakatning bosh vaziri o‘rinbosari va ichki ishlar vaziri Matteo Salvini Makronni keskin tanqid qildi.
Bunga javoban Makron «Fransiya bu masalada hech kimdan dars olishga zor emasligini va qochoqlarni qabul qilish bo‘yicha bu yil ikkinchi davlat bo‘lganini» ta’kidladi.
Shuningdek, u YeI o‘z chegaralarini qattiq qo‘riqlashi lozimligini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2011-yilda Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda boshlangan siyosiy inqirozlar ortidan Yevropaga qochoqlar oqimining kelishi keskin oshib ketmoqda. Yevropaga qochib kelayotgan muhojirlarning eng ko‘p qismini Suriya fuqarolari tashkil etadi. Undan keyingi o‘rinlardan, 2016 yil yanvaridan 2017-yil mart oyiga qadar olingan hisob-kitoblarga ko‘ra, Afg‘oniston, Nigeriya, Iroq va Eritreya davlatlari fuqarolari o‘rin olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter