Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Makron: «Qishda Ukraina energetika tizimiga qarshi zarbalarga moratoriy joriy etish kerak»

Makron: «Qishda Ukraina energetika tizimiga qarshi zarbalarga moratoriy joriy etish kerak»

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Xitoy rahbari Si Szinpin bilan Pekindagi uchrashuvi chog‘ida Ukraina energetika tizimiga qish faslida zarba bermaslik bo‘yicha moratoriy joriy etishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, qish oylari yaqinlashar ekan, energetika ob’yektlariga hujumlar Ukraina aholisi uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Hamkorlik haqida gapirar ekan, Makron Xitoy qishda Ukrainadagi energentika infratuzilmasiga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha Fransiya tomonining chaqiriqlariga qo‘shilishiga umid bildirdi.

Fransiya rahbari fikricha, hech bo‘lmasa qisqa muddatga bo‘lsa ham energetika ob’yektlariga zarbalarni to‘xtatish – yaqinlashayotgan sovuq mavsumda fuqarolar aziyat chekmasligi uchun zarur.

2024-yil bahorida Rossiya va Ukraina o‘rtasida energetika infratuzilmasiga zarba bermaslikka oid 30 kunlik moratoriy amal qilgandi. Biroq Moskva Kiyev moratoriyni 100 martadan ko‘proq buzganini aytgan, Kiyev esa ayblovlarni rad etib, energetika ob’yektlariga zarba bermaganini bildirgan.

The New York Times nashrining yozishicha, 2025-yil kuzining oxiriga kelib, urush sur’ati sezilarli pasayganiga qaramay, «energetika fronti» eng faol va hal qiluvchi yo‘nalishga aylanmoqda.

Rossiya mudofaa vazirligi bir necha bor Ukrainaning harbiy ob’yektlariga, energetika infratuzilmasiga hamda logistika va ta’minot tarmoqlariga havo zarbalarini amalga oshirganini ma’lum qilgan. Moskvaga ko‘ra, bu zarbalar faqat Ukraina harbiy salohiyatini yoki u bilan bog‘liq infratuzilmani yo‘q qilishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin Turkiya ham Ukraina va Rossiya o‘rtasida davom etayotgan urush sharoitida energetik tarmoqlarga zarba bermaslikka chaqirgandi.

Anqara urush sharoitida ham Qora dengizda xavfsizlikni saqlash, energetika yo‘llarini ochiq qoldirish hamda neft va gaz tranzitini uzilmasdan davom ettirishni tomonlardan talab qilmoqda.

O‘tgan hafta Ukraina droni Novorossiysk yaqinida Kaspiy quvur konsorsiumi (CPC) terminaliga zarar yetkazgach, quvurda neft tashish vaqtincha to‘xtatilgandi. Bu quvur Qozog‘iston neftining 80 foizini, jahon neft ta’minotining 1 foizdan ortig‘ini tashiydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring