Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktabida bitirish imtihonlari yo‘q mamlakat

Maktabida bitirish imtihonlari yo‘q mamlakat

Fin maktab ta’limi dunyodagi eng yaxshi ta’lim hisoblanadi. Bu ko‘plab mamlakatlar tomonidan e’tirof etilgan. Finlyandiya ta’limining bosh tamoyili: o‘quvchilar baho haqida emas, bilim haqida o‘ylasin. Ta’lim bolalarga quvonch bag‘ishlasin. Finlarning hisoblashicha, yaxshi ta’lim, bu – bolalarga yaxshi bo‘lgandagi ta’limdir. E’tiboringizga Finlyandiyadagi bolalarni o‘qitish tizimining eng asosiy tamoyillarini havola etamiz.

  1. Tenglik tamoyili

Ushbu tamoyilga ko‘ra, har bir maktabdagi ta’lim jarayoni teng imkoniyatlarni: mutanosib moliyalashtirish va bir xil jihozlanishni qamrab oladi. «Kuchli va kuchsiz» o‘quv muassasalari mavjud bo‘lmaydi.

Shuningdek, finlarning hisoblashicha, bir fanni boshqasini kamaytirish hisobiga o‘qitish mumkin emas – maktablarda har bir fan teng darajada o‘rgatiladi.

O‘qituvchilarning bolalarga ota-onasining yuqori ijtimoiy maqomiga qarab munosabatda bo‘lishi (ya’ni bizdagidek, «hokimning bolasi», «prokurorning o‘g‘li» kabiga ajratish) qat’iyan taqiqlangan. Barcha bolalar, kuchli o‘quvchilar ham, «uch baho oladiganlar», hatto imkoniyati cheklanganlar ham birgalikda tahsil oladi – sinfdagi bolalarning tenglik tamoyiliga hech nima ta’sir qilmasligi kerak.

Darvoqe, Finlyandiyada o‘qituvchilarning maqomi shifokor va yuristlarnikiga teng. Maoshi esa oyiga 3600 yevroni tashkil etadi, yordamchisining ish haqi (shunday shtat ham bor) 1800 yevro. Yuqori sinflardagi fan o‘qituvchilari 500 yevro ko‘proq maosh oladi.

  1. Bepul ta’lim (va ovqat) tamoyili

Finlyandiyadagi deyarli barcha maktablar davlatga tegishli, shu sababli ular tekin («maktab, sinf fondi uchun» pul yig‘ish yo‘q). Shuningdek, barcha ish kunlarida o‘quvchilarning ovqatlanishi bepul. Oshxonaga kirsangiz, bolalarni nazorat qiladigan birortayam katta yoshli odamni ko‘rmaysiz. Faqat o‘quvchilar, kichkintoylar va shved stoli bor. Yugur-chop, shovqin, ur-to‘polon o‘rniga mutlaqo ozodalik va intizomga guvoh bo‘lasiz. Bolalar (hatto boshlang‘ich sinfda o‘qiydiganlar ham) bir-birining orqasidan xotirjam navbatda turadi, keyin esa tartib bilan ovqatlanadi, idishlarni olib borib, sanchqi va qoshiqlargacha alohida tokchalarga joylaydi – shunday o‘rgatilgan.

Hukumat sinfdan tashqari har qanday boshqa faoliyatni ham to‘liq moliyalashtiradi: muzey, ko‘rgazma, sayohatlarga borish va hokazo. Bundan tashqari, darsliklar, kanselyariya, hatto planshet kompyuterlari uchun ham davlat tomonidan pul ajratiladi. Har bir maktab bolalarni mashg‘ulotlarga bepul avtobusda olib kelish imkoniyatiga ega.

  1. O‘ziga xoslik tamoyili

Maktab ta’limi jarayonida har bir o‘quvchining qobiliyatiga qarab fan bosqichlarini individuallashtirish alohida o‘rin tutadi: darslarda bolalar mavzu bo‘yicha o‘ziga alohida shaxsiy vazifa oladi. Uy topshirig‘i ularning mashg‘ulotni o‘zlashtirishdagi muvaffaqiyatiga qarab shakllantiriladi: kimgadir qiyinroq, boshqasiga oddiyroq vazifalar beriladi.

O‘quvchilarning natijalari alohida ancha ahamiyatli bo‘lgan iqtidoriga qarab baholanadi.

Fin maktablarida darsni o‘zlashtirishda muammosi bor har bir o‘quvchi darsdan tashqari vaqtda o‘qituvchidan qo‘shimcha saboq oladi. Maxsus «tanlangan ta’lim» ham mavjud bo‘lib, fin tili ona tili bo‘lmagan xorijlik o‘quvchilarga yoki jamiyatdagi mavjud qoidalarga zid axloqqa ega bolalarga yordam tariqasida o‘rgatiladi.

  1. Amaliyot tamoyili

«Biz yoki hayotga yoki imtihonlarga tayyorlaymiz. Biz birinchisini tanlaymiz», deyishni yaxshi ko‘radi finlar. Ha, ular o‘quvchilarni olimpiadaga emas, hayotga tayyorlaydi.

Aynan shu sababli maktabda bitirish imtihonlari yo‘q, o‘rta va oliy o‘quv yurtiga kirishda esa o‘rta maktab davrida qo‘lga kiritilgan o‘rtacha ballar hisobga olinadi. Bundan tashqari, katta hayot uchun muhim bo‘lgan amaliy ko‘nikmalar – o‘quv natijalari, ijodiy tavsifdagi yutuqlar qayd etib boriladigan hujjatlarni tuzish, saytlar yaratish, soliq hisobini yuritish kabi omillarga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Darsda tanlangan kasb bo‘yicha ikki haftalik mehnat amaliyotini o‘tash ham ko‘zda tutilgan.

  1. Ishonch tamoyili

Ushbu tamoyil o‘zida ikki qoidani qamrab oladi. Birinchisi: davlat va o‘qituvchilarga to‘liq ishonch. Ta’lim bo‘yicha davlat dasturi umumiy tavsiyalarni qamrab oladi: qaysi uslubni qo‘llashni har bir o‘qituvchi o‘zi hal qiladi. Ikkinchi qoida: bolalarga to‘liq ishonish.

Agar darsda o‘quvchini fan mutlaqo qiziqtirmasa o‘zi xohlagan mashg‘ulot bilan shug‘ullanishi mumkin. Deylik, bola matematikadan allaqanday formulani yechishni o‘ziga kerak emas deb hisoblasa, shug‘ullanmasligi mumkin, ammo yuqorida qayd etganimizdek, u maktab yoshidan daromad solig‘ini hisoblashni, o‘zining huquq va burchlarini biladi. Ushbu qoida o‘quvchilarga hurmat-ehtirom munosabatidan kelib chiqadi.

Fin maktabi darsda erkin tanlovni hisobga oladi.

  1. Ixtiyoriy ta’lim tamoyili

Ta’lim jarayoni o‘qishni xohlagan bolalar tahsil olishini ko‘zda tutadi.

Fin o‘qituvchilari bolaning e’tiborini fanga qaratishga harakat qiladi, albatta. Ammo bolaning qiziqishi yoki qobiliyati bo‘lmasa, muallimlar o‘quvchini «uncha murakkab bo‘lmagan» amaliy ishga yo‘naltiradi. Va hech kim bunday o‘quvchiga «ikki»ni qalashtirib tashlamaydi – umuman aytganda, fin maktablarida baholar yaxshi va yomonga ajratilmagan. Finlyandiya maktab ta’limidagi muhim vazifalardan biri o‘quvchilarni biror kasbga yo‘naltirish va katta, mustaqil hayotga tayyorlashdir: kimgadir osmono‘par binolarni loyihalashtirish, boshqasiga esa avtobus haydash nasib etishi mumkin. Finlar unisini ham, bunisini ham bir xil darajada muhim hisoblaydi.

  1. Barcha fanlar tamoyili

Finlyandiyada o‘rta ta’lim ikki asosiy bosqichga bo‘linadi: quyi (dastlabki olti sinf) va yuqori maktab (yettidan to‘qqizgacha). Maktab bosqichidagi mazkur 9 yil davomida bolalar savodxonlik va ona tilini, din yoki hayot haqidagi tushunchalarni, tasviriy san’at va musiqani, mehnat va jismoniy tarbiyani o‘rganadi. Keyin tabiiy va gumanitar fanlar, chet tillari, shuningdek, tanlovga ko‘ra kurslar, masalan, kompyuter savodxonligi qo‘shiladi. Qizig‘i shundaki, o‘quvchilar ayrim fanlarni bitta mashg‘ulotda o‘taydi – Finlyandiyada barcha fanlar asoslari o‘rtasidagi tamoyil mavjud. Fin maktablarida fanlar bo‘yicha o‘rtacha balini yangilamoqchi bo‘lganlar uchun qo‘shimcha 10 sinf mavjud. Shundan so‘ng o‘quvchilar oldida tanlash imkoniyati bo‘ladi: xohlasa amaliy mutaxassisliklarni egallash bo‘yicha kasb kollejini yoki oliy o‘quv yurtiga kirish uchun o‘ziga xos tayyorgarlik ko‘rish maqsadida litseyni ko‘zlashi mumkin.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring