Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maradonani ota-onasining yoniga dafn etishdi (foto)

Maradonani ota-onasining yoniga dafn etishdi (foto)

Foto: «Tvc.ru»

Argentinada 25-noyabr kuni vafot etgan afsonaviy futbolchi Diyego Maradona dafn etildi. Uning xoki Buenos-Ayres shahar atrofidagi Bella-Vista qabristoniga qo‘yildi. Maradona ota-onasining yoniga dafn etildi.

Marosimda marhumning 25 nafar yaqin qarindoshigina ishtirok etdi. Futbolchi muxlislari esa qabristonga kiritilmadi, deya xabar berdi «TN24».

Qabriston erta tongdan Argentina maxsus kuchlari xodimlari tomonidan qo‘riqlashga kirishildi, odamlar darvoza yaqiniga ham yo‘latilmadi. Shunga qaramay, motam korteji yetib kelganda Maradona muxlislari bilan politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqdi, hatto, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan biri jarohat oldi. Tartib posbonlari olomonga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalanishga to‘g‘ri keldi.

Kortej futbolchi bilan xayrlashish marosimi bo‘lib o‘tgan prezident saroyidan qabristonga yetib kelgan. U yerda ham politsiyachilar bilan to‘qnashuvlar yuz bergan — Maradona bilan vidolashgani millionlab odamlar kelishgan, ular bir necha kilometrlik navbatda turish o‘rniga, tezroq binoga kirishga urinishgan.

Saroy oldidagi to‘qnashuvlar shu darajada avj olganki, politsiya u yerda ham ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va rezina o‘qlarni qo‘lladi. Hatto, g‘azablangan olomonni tarqatish uchun zirhli mashina ham yetib keldi. Oxir-oqibat, xayrlashuv marosimini muddatidan oldin to‘xtatishga majbur bo‘lishdi. Shunga qaramay, Argentina prezidenti Alberto Fernandes qo‘riqchilari qurshovida jahon futboli afsonasi bilan xayrlashish uchun keldi.

Marhumni kuzatish paytida muxlislar kortej yo‘lini to‘sib, tirbandliklarni keltirib chiqarishdi. Haydovchilar yo‘lning qatnov qismiga chiqib, Maradonaga hurmat bajo keltirishdi. Ular futbolchi sharafiga tinmay qo‘shiq kuylashdi.

Dafn marosimi paytida janjal ham kelib chiqdi. Marosim uchun tobutni hozirlayotgan ikki nafar xodim u bilan rasmga tushishga qaror qilishgan. Ulardan biri operatorga chap qo‘lining bosh barmog‘ini ko‘rsatib, o‘ng qo‘lini marhum futbolchining peshanasiga qo‘ygan.

Maradona 25-noyabr kuni vafot etdi. U 60 yoshda edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘limiga o‘tkir yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgan. Shuningdek, o‘pkasi shishganligi ham aytilmoqda. O‘limidan so‘ng Argentinada milliy motam e’lon qilindi: u uch kun davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring