Medvedev Eronga ko‘mak borasida shov-shuvli bayonot berdi

Arxiv foto.
Dunyoning bir qator mamlakatlari Eronga jangovar yadro komplektlarini berishga tayyor. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, mamlakat sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev Telegramdagi sahifasida ma’lum qildi.
Uning fikricha, Erondagi yadro infratuzilmasi AQSh hujumidan zarar ko‘rmagan yoki zarar miqdori sezilarli darajada emas.
Kreml mulozimi Tramp ma’muriyatining Eronga hujumi oqibatlarini quyidagicha izohlagan:
- “Yadro materiallarini – endilikda ochiq aytish mumkin – yadro qurolini ishlab chiqarish davom ettiriladi”.
- “Isroil hujum ostida, portlash ovozlari eshitilmoqda, odamlar sarosimada”.
- “AQSh istiqbolda quruqliqdagi amaliyotga olib boruvchi yangi ziddiyatga tortildi”.
- “Erondagi siyosiy rejim saqlanib qoldi va katta ehtimol bilan yanada kuchliroq bo‘ldi”.
- “Xalq ilgari hatto u qadar xayrixoh bo‘lmagan diniy rahbariyat tegrasida birlashmoqda”.
- “Tinchlikparvar prezident sifatida kelgan Tramp AQSh uchun yangi urush boshladi”.
- “Dunyoning mutlaq ko‘pchiligi Isroil va AQSh xatti-harakatlariga qarshi”.
“Bunday “yutuq”lardan keyin Tramp, garchi avvaldan sotib olinsa-da, tinchlik uchun Nobel mukofotini orzu qilmasa ham bo‘ladi! Boshlanishi chakki emas, tabriklayman, janob prezident!” – deya xulosa yasagan D.Medvedev.
Rossiya sobiq prezidenti o‘z postida aynan qaysi davlatlar va qanday shartlarga ko‘ra Tehronga jangovar yadro komplektlarini taqdim etmoqchi ekaniga oydinlik kiritmagan.
Eslatib o‘tamiz, bunga qadar bir qator bahsli bayonotlar bergan Medvedev Moskva yadro qurolidan foydalanish huquqiga ega ekanini ham pisanda qilib keladi. Jumladan, u yadro qurolini “Buyuk Rossiyani saqlab qolishning eng yaxshi kafolati” deb iddao qilgan.
Xabaringiz bor, AQSh harbiylari 22 iyunga o‘tar kechasi Erondagi uchta yadroviy ob’yekt – Fordo, Natanz va Isfahonga havo hujumi uyushtirdi.
Avvalroq tahlilchilar Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning chaqirig‘iga ko‘nib Eronga qarshi urush ochsa, Nobel mukofotidan quruq qolishidan ogohlantirgandi.
Tramp urushga qo‘shilgani ortidan allaqachon unga qarshi impichment talabi kun tartibiga qaytdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter