Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Meksikada merlikka nomzod saylovoldi tashviqoti paytida otib ketildi

Meksikada merlikka nomzod saylovoldi tashviqoti paytida otib ketildi

Meksikaning Gerrero shtatidagi Koyuka de Benites shahri meri lavozimiga muxolifat nomzodi Xose Alfredo Kabrera Barriyentos saylovchilar bilan uchrashuvda otib o‘ldirildi. Bu haqda El Universal nashri xabar berdi.

Siyosatchi maydonda saylovchilar orasida turganida noma’lum shaxs uning orqasidan yaqinlashib, to‘pponchada boshining orqa qismiga bir necha marta o‘q uzgan. Qotillik lavhalari ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi, lavhada kamida 15 ta o‘q ovozi eshitiladi.

Bir kun avval Xalisko shtatida Meksikaning hukmron Morena partiyasidan Enkarnasion de Dias munitsipaliteti rahbari lavozimiga nomzod Gilberto Palomar Gonsales ham qurolli hujum oqibatida yaralangan edi. Siyosatchi va uning akasi hamda kotibi o‘qotar quroldan olgan jarohatlari bilan kasalxonaga yetkazilgan.

Laboratorio Electoral tadqiqotchilari ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilning yozidan beri Meksikada saylov kampaniyalari bilan bog‘liq 82 kishi o‘ldirilgan. Ulardan 34 nafari davlat darajasidagi siyosiy lavozimlarga nomzodlar edi. Umuman olganda, 2023-yildan 2024-yilgacha siyosatchilarga qarshi 2 172 zo‘ravonlik, jumladan hujumlar, tahdidlar va odam o‘g‘irlash holatlari qayd etilgan.

2-iyun, yakshanba kuni Meksikada umumiy saylovlar bo‘lib o‘tadi. Aholi kelgusi olti yilga yangi prezidentni, shuningdek, Deputatlar palatasining 500 nafar a’zosini va Senatning 128 nafar a’zosini, to‘qqiz nafar gubernator va 19 ming mahalliy amaldorni saylashlari kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring