Metroda suyuklisining qo‘lini so‘ragan yigit 5 sutkaga qamaldi
Moskvalik yigit sevgilisiga turmush qurishni taklif qilgani ortidan panjara ortiga tushdi. «Hech kimga xalal bermagandik, shunchaki ijtimoiy tarmoqda ko‘rib qolgan videoni o‘zimizda takrorlab ko‘rishni istagandik», degan oshiq yigit jurnalistlarga.
Ismi Yevgeniy ekani aytilayotgan ushbu shaxs Moskva metro bekatiga sevgilisini olib kelib, vestibyul o‘rtasiga stol-stul qo‘ygan, stol ustiga mevalarni chiroyli qilib terib chiqqan, oxirida esa qadahlarni alkogolsiz shampan ichimliligi bilan to‘ldirgan. Holatni juftlikning do‘stlari tasvirga olishgan, keyinchalik ushbu video internetga joylangan.
«Ijtimoiy tarmoqlarda shunga o‘xshash videoni ko‘rib qolgandik. O‘sha kuni katta ko‘rgazma o‘tkazilayotgani sababli Moskva metroda odam ko‘p. Biz bundan foydalanishga qaror qildik, chunki atrofda odamlar oqimi qanchalik ko‘p bo‘lsa jarayon shunchalik chiroyli chiqardi», deya hikoya qilgan Yevgeniy.
Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan ikki kun o‘tib qiz va yigitning ishxonalariga politsiya xodimlari borishadi va ulardan tushuntirish xati olishadi. Ish vaqti tugaganidan so‘ng esa politsiya uchastkasiga kelishlari so‘raladi. Biroq yoshlar aytilgan joyga bormaslikka qaror qilishadi.
«Ertasi kuni odatdagidek ertalab ishga borganimizda ular yetib kelib telefonlarimizni qo‘limizdan tortib olishdi hamda politsiya uchastkasiga olib borishdi. Sudga qadar u yerda bir sutka o‘tirdik», — deb aytadi kuyovbola.
Metrodagi «tomosha» uchun yigit besh sutkaga qamalgan bo‘lsa, uning qallig‘i ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan.
«Birinchidan, shu paytgacha men jiddiy qonunbuzarlik sodir etmagandim, ya’ni jinoiy o‘tmishga ega bo‘lmaganman. Ikkinchidan esa bunday ish uchun qamoqqa tushish...
U yerda spirtli ichimlik yo‘q edi, biz hammamiz alkogolsiz ichimlik sotib olganimizni isbotladik. Metro bekatida ushbu jarayonni uyushtirarkanmiz, hech kimga xalaqit bermadik. Aytmoqchimanki, jazoga tortish uchun hech qanday jinoiy qilmish sodir etmagandik» – degan Yevgeniy sud qaroridan norozi bo‘lib.
Yigitga «mayda bezorilik» moddasi bo‘yicha ma’muriy ish ochishgan. OAVga ko‘ra, u sudda aybiga iqror bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter