Milliarderni 643 million yevroga chuv tushirishdi
Germaniyada zanglamaydigan po‘lat ishlab chiqaruvchi «Wilhelm Schulz» kompaniyasining sobiq rahbariyati firibgarlikda gumon qilinmoqda. Amerikalik investor Uorren Baffet uning qurbonlaridan biri hisoblanadi, deya xabar berdi «Financial Standard».
Maqolada ta’kidlanishicha, bir necha yil muqaddam firma egalari o‘zining moliyaviy ahvoli haqidagi hujjatlarni fotoshop yordamida soxtalashtirgan. 2017-yilda Baffetning «Berffhire Hathaway Inc.» kompaniyasi «Wilhelm Schulz»ni 800 million yevroga xarid qilgan.
Biroq ko‘p o‘tmay «Berffhire Hathaway»ga firma hisobotlari qalbakilashtirilgani haqidagi anonim xabar kelib tushgan. Investitsiya kompaniyasi xodimlari raqamlarni solishtirib ko‘rgach, gullab-yashnayotgan emas, bankrotlik arafasida turgan biznesni xarid qilganini aniqlashgan.
Nyu-York arbitraj sudi firmani 157 million yevroga baholab, sobiq egalarini 643 million yevrolik farqni to‘lab berishga hukm chiqardi.
Germaniya prokuraturasining fikricha, bu «Wilhelm Schulz»ning investorlarni birinchi marta aldashi emas. Tergov natijalariga ko‘ra, firmada buyurtma va hisobotlar muntazam soxtalashtirib kelingan, 47 ta tijorat bitimlari butunlay qalbakilashtirilgan. Sobiq egalari barcha ayblovlarni rad etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter