Minglab bolalar «askar»likka qul qilinmoqda
2020-yilda sakkiz mingdan ortiq bola turli harbiy mojarolarda askar sifatida foydalanilgan. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning yillik hisobotida ma’lum qilindi, deya xabar berdi CNN.
Bosh kotibning «Bolalar va qurolli to‘qnashuvlar to‘g‘risida»gi hisobotida bolalarning o‘ldirilishi, ularga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va jarohat yetkazish, shuningdek, maktablar va shifoxonalarga hujum qilish, o‘g‘irlash va yollash to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud. Hujjat ushbu qonunbuzarliklar 21 ta ziddiyatli holatdagi 19379 bolaga nisbatan sodir etilganligini tasdiqladi. 2020-yilda eng ko‘p qoidabuzarliklar Somali, Kongo Demokratik Respublikasi, Afg‘oniston, Suriya va Yamanda qayd etildi.
Hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 8521 bola harbiy harakatlarda qatnashishga majbur etilgan. Turli to‘qnashuvlarda 2674 bola halok bo‘lgan va 5748 nafari jarohat olgan. Shuningdek, Guterrish hujjatga voyaga yetmaganlarni himoya qilish choralarini ko‘rmagan davlatlarning «qora ro‘yxati»ni ilova qilgan. Xususan, Myanma va Janubiy Sudan unga kiritilgan. Ta’kidlanishicha, shu tariqa BMT mamlakatlarni javobgarlikka jalb etish va ularni ijobiy tomonga o‘zgarishga undash niyatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter