Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

NATO admirali Rossiya bilan urush haqida hayratlanarli bayonot berdi

NATO admirali Rossiya bilan urush haqida hayratlanarli bayonot berdi

NATO Harbiy qo‘mitasi raisi admiral Rob Bauer.

Shimoliy Atlantika alyansi (NATO) a’zosi bo‘lgan davlatlar Rossiya bilan yaqin 20 yil ichida boshlanishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli urush ssenariylari ustida ishlamoqda.

The Telegraph nashrining yozishicha, NATO davlatlari yaqin 20 yil ichida Rossiya bilan jiddiy harbiy qarama-qarshilik yuzaga kelishi mumkinligini inkor etishmayapti. Alyansning yuqori martabali amaldorlaridan biri NATOga a’zo mamlakatlar fuqarolari ehtimoliy safarbarlikka tayyor turishlari kerakligi haqida ogohlantirdi.

Nashrning yozishicha, bu haqda 18 yanvar kuni hozirda NATO Harbiy qo‘mitasi raisi lavozimini egallab turgan gollandiyalik admiral Rob Bauer aytgan. Bauerning ogohlantirishicha, harbiy kuchlar birinchi navbatda shay holatga keltirilsada, tinch aholi ham «hayotlarini tubdan o‘zgartiradigan urushga» tayyor turishi kerak.

Bryusseldagi NATO mudofaa vazirliklari rahbarlarining yig‘ilishidan so‘ng, Rob Bauer matbuot anjumanida jurnalistlarga alyans davlatlari harbiy harakatlar sodir bo‘lgan taqdirda tinch aholini ommaviy safarbar qilish mexanizmini ishlab chiqishi kerakligini aytdi.

«Biz tan olishga majburmiz, bizning tinch hayotimiz abadiy emas. Shuning uchun Rossiya bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaroga tayyorlanyapmiz», dedi Bauer.

Admiral Shvetsiyaning harakatlarini ijobiy baholadi, u mamlakat rasmiy ravishda alyansga qo‘shilganidan keyin barcha fuqarolarini urushga tayyor bo‘lishga chaqirdi. Shundan so‘ng Shvetsiya fuqarolik mudofaasi uchun ko‘ngillilarni tayyorlashni boshladi.

Kelgusi hafta 90 000 ga yaqin NATO askarlari Sovuq urush davridan beri eng katta mashg‘ulotlarni o‘tkazadilar, ular Rossiya tomonidan ehtimoliy hujumga qarshi turish ssenariylari ustida ishlashadi. Birgina Buyuk Britaniyaning o‘zi ushbu mashg‘ulotlarga 20 mingga yaqin askar, tank, artilleriya va qiruvchi samolyotlarini jo‘natadi.

NATOning ittifoq mamlakatlari hukumatlari va xususiy qurol ishlab chiqaruvchilar ehtimoliy mojaroga yaxshi tayyor emasligidan xavotirda. Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatilishi natijasida qurol va o‘q-dorilar zahiralari sezilarli darajada kamaygan va hozirgi ishlab chiqarish darajasida ularni to‘ldirish uchun yillar kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, Rossiya o‘z budjetidagi harbiy xarajatlar ulushini 40 foizga oshirdi va qurol ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirdi.

«Biz barcha jabhada (urushga) tayyor bo‘lishimiz kerak. Agar urush sodir bo‘lsa — bu sodir bo‘ladimi yoki yo‘qmi, undan qat’i nazar, bizga ko‘proq odamlarni harakatga keltirish imkonini beradigan tizim bo‘lishi kerak», deya xulosa qildi Bauer.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring