Netanyahu endi nima qilmoqchi? Ekspertlar oydinlik kiritdi

Tramp Netanyahu sabab Nobel mukofotidan quruq qolishi mumkin.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronga qarshi harbiy amaliyotga AQSh ham bevosita ishtirok etishiga harakat qilmoqda. Ekspertlar Netanyahu ma’muriyati Erondek qudratli raqibga qarshi kurashda Qo‘shma Shtatlarning bevosita ko‘magiga muhtoj deb hisoblaydi.
Avstraliyadagi Dikin universiteti professori Shahram Akbarzodaning fikricha, Isroil va Eron qurolli ziddiyati yana davom etadi.
“Ziddiyat butun mintaqaga yoyilishi va unga Qo‘shma Shtatlar ham tortilishi ehtimoli katta. Ixtilof kuchayishi ortidan AQShning Isroil xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatini ado etishiga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa AQSh ziddiyatga tortiladi. Aslida, bosh vazir Netanyahuning maqsadi ham shu: Qo‘shma Shtatlarni ziddiyatning ishtirokchisiga aylantirish va Eronda rejimni o‘zgartirishga urinish”, – deydi professor Akbarzoda “Al-Jazira” telekanaliga bergan intervyusida.
AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil Eronga qarshi 13 iyun tongida amalga oshirgan keng ko‘lamli amaliyotdan keyin Oq uy bu hujumdan avvaldan xabardor bo‘lgani, ammo bevosita ishtirok etmaganini ma’lum qildi.
Nyu-York universiteti huzuridagi Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha markaz rahbari, professor Muhammad Bazzi Isroil bosh vaziri ushbu hujumni Trampning dastagi va roziligi bilan boshlagan deb hisoblaydi.
“AQShning barcha zamonaviy prezidentlari kabi Tramp ham Isroilga hotamtoylarcha milliardlab dollar qurol-aslaha tortiq qildi, Isroilni tanqidlardan himoya qilish uchun xalqaro huquq hamda BMT Xavfsizlik kengashi kabi institutlarga bosim o‘tkazdi”, – deb yozadi professor Bazzi “The Guardian” gazetasida chop etilgan maqolasida.
Ekspertning ta’kidicha, Tramp “bir paytning o‘zida ikki stulda o‘tirish”ga urinmoqda. Ya’ni ham Eron bilan tinchlik muzokaralari olib bormoqda, ham Isroilning Eronga qarshi agressiyasini dastaklamoqda.
Muhammad Bazzi ham Netanyahu pirovardida AQShni Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli qonli urushga tortadi deb hisoblaydi.
Aslida, AQSh allaqachon Isroil va Eron ziddiyatining bevosita ishtirokchisiga aylanib ulgurdi. Xususan, Eron tomonidan 14 iyunga o‘tar kechasi Isroil tomon uchirilgan yuzlab raketalarni urib tushirishda yahudiy davlati armiyasiga yaqindan ko‘mak berdi. Ammo Vashington tomonidan berilayotgan milliardlab dollar moliyaviy ko‘mak, ajal qurollariga ham qanoat qilmagan Isroil ma’muriyati Eronga qarshi urushda AQSh harbiylari va texnikasi ham bevosita qatnashishiga umid qilmoqda.
Tel-Aviv ma’muriyati 13 iyun tongida uyushtirilgan hujumlarda Eronning yadro ob’yektlarini vayron qilgani haqida bayonot berdi. Ammo rasmiy Tehron yetkazilgan ziyon u qadar jiddiy emasligi, yer ostida joylashgan yadro ob’yektlari shikastlanmaganini ma’lum qilgan.
Harbiy tahlilchilarga ko‘ra, Isroil uchoqlari Eronning 60 metrga qadar yer ostida joylashgan yadro ob’yektlarini yo‘q qilishga ojizlik qiladi. Ularni yo‘q qilish uchun AQShning B-2A yoki B-52N strategik uchoqlari hamda bunkerga qarshi maxsus bombalar zarur. Bunday uchoq va bombalar Isroil zaxirasida mavjud emas.
E’tiborga molik jihati, Isroilning Eronga qarshi amaliyoti Vashington va Tehron o‘rtasida yadro tadqiqotlari yuzasidan diplomatik muzokaralar o‘tayotgan pallada ro‘y berdi. Gap shundaki, Isroil hujumidan bir necha kun avval ham AQSh rahbari Tramp Eron yadro masalasi diplomatik yo‘l bilan hal etilishini ta’kidlab, Isroilning hujumiga izn bermaganini qayd etgan edi. Shunga ko‘ra, Eron rasmiylari AQSh rahbariyatini aldov usulini qo‘llashda ayblamoqda. Eron tashqi ishlar vaziri Abbo Aroqchi esa Isroilning “varvarlarcha hujumi”dan keyin AQSh bilan diplomatik muzokaralar o‘tkazish ma’nisiz va foydasiz deb bayonot bergan.
Rasmiy Tehron Vashingtonni AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalarini nishonga olishidan ham ogohlantirgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronga qarshi amaliyot qancha zarur bo‘lsa, shuncha davom etishini aytgan. Tramp esa so‘nggi kunlarda Eronga qarshi masxaraomuz va tahdidli postlardan keyin, pirovardida, Tehronni yadro dasturi bo‘yicha bitim imzolashga undagan. Tramp o‘z ta’biricha, Eronga “ikkinchi imkoniyat” bergan.
Aksar ekspertlar ta’kidlayotganidek, hozirgi vaziyatda Netanyahu uchun o‘z siyosiy umrini uzaytirishning maqbul yo‘li Eronga qarshi urushni cho‘zishdir. Isroil bosh vazirining hokimiyatparastlik qutqusi oxir-oqibat tinchlik yo‘lidagi Nobel mukofotini olishga zo‘r berib urinayotgan Trampni ham o‘z domiga tortadi, deb hisoblaydi tahlilchilar.
Ma’lumot o‘rnida: 13 iyun tongida Isroil armiyasi Eron hududiga uyushtirgan aviahujumlarda 78 kishi (jumladan, mamlakat harbiy rahbariyati vakillari va yadro fizikasi mutaxassislari) halok bo‘ldi, 320 kishi yaralandi.
Eron tomonidan 14 iyunga o‘tar kecha uyushtirilgan javob hujumida uch nafar isroillik halok bo‘ldi, 19 nafari jarohatlandi.
Tomonlar yakshanbaga o‘tar kechasi ham bir-biriga raketa zarbalari yo‘lladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter