Niderlandiyadagi saylovda ashaddiy islomofob g‘alaba qozondi
Niderlandiyada 22 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovida o‘ta o‘ng siyosatchi Gert Vildersning «Ozodlik partiyasi» (PVV) eng ko‘p ovoz to‘pladi. Mazkur partiya parlamentdagi 150 o‘rindan 37 tasini qo‘lga kiritgan.
Populistligi va ziddiyatli chiqishlari sabab «niderlandiyalik Tramp» degan laqab orttirgan siyosatchining saylovda g‘alaba qozonishi «siyosiy to‘fon» deb baholanmoqda.
Niderlandiya qonunchiligiga ko‘ra, ma’lum partiya hukumatni shakllantirishi uchun kamida 76 ta deputatlik kursisiga ega chiqishi kerak. Demak, hozirgi vaziyatda «Ozodlik partiyasi» boshqa siyosiy guruhlar bilan koalitsiya tuzishi kerak bo‘ladi.
60 yoshli Gert Vilders ashaddiy islomofob sifatida tanilgan. U Niderlandiyada masjidlar va Qur’oni karimni taqiqlash, davlat muassasalarida hijob o‘rashni man etish tarafdori.
G.Vilders musulmonlarning muqaddas kitobi va payg‘ambari haqida tuhmat va haqorat mazmunidagi bayonotlar berib kelgan. Xususan, Qur’oni karimni «terrorizm manbai» deb da’vo qilgan. Islomga qarshi shu kabi nafratomuz bayonotlari sabab mahkamaga ham tortilgan.
«Ozodlik partiyasi» rahbari muhojirlarga qarshi keskin pozitsiyasi bilan ham otning qashqasidek tanilgan. Shu bilan birga, u Niderlandiyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qilgan. Unga ko‘ra, hozirgi vaziyatda YeIga to‘lovlarni kamaytirish va ittifoqqa yangi a’zolar qabul qilishni to‘xtatish kerak.
Politico nashri YeI asoschilaridan biri bo‘lgan mamlakatdagi saylovda o‘ta o‘ng partiyaning g‘alaba qozonganini «YeI uchun dahshatli tush» deb atagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter