Norvegiyada taxt almashdi: qirollikni Hakon VIII boshqaradi
Norvegiya qiroli Harald V vafotidan so‘ng uning 53 yoshli o‘g‘li Hakon avtomatik ravishda mamlakatning yangi qiroli bo‘ldi. U yaqin kunlarda favqulodda Davlat kengashida o‘zining rasmiy qirollik ismi va shiorini e’lon qiladi. Hakon o‘z ismini saqlab, Hakon VIII nomi bilan hukmronlik qilishi kutilmoqda.
Yangi qirolning 22 yoshli qizi Ingrid Aleksandra esa taxtning birinchi vorisiga aylandi. U kelajakda Norvegiyaning bir necha asrdan keyingi birinchi ayol davlat rahbari bo‘lishi mumkin.
Hakon Magnus 1973-yil 20-iyulda tug‘ilgan. U Norvegiya harbiy-dengiz kuchlarida xizmat qilgan, keyin Kaliforniya universitetining Berkli kampusida siyosatshunoslik, London iqtisodiyot maktabida esa rivojlanish masalalari bo‘yicha tahsil olgan. U serfing, chang‘i sporti va musiqaga qiziqishi bilan ham tanilgan.
Hakon 1991-yildan, bobosi qirol Olav V vafotidan keyin taxt vorisi hisoblangan. So‘nggi yillarda otasining sog‘ligi yomonlashgani sababli u bir necha bor regent sifatida qirollik vazifalarini bajargan.
Hakon taxtga qirollik oilasi atrofida bir qator mojarolar davom etayotgan paytda keldi.
2026-yilda AQSh Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan materiallarda Mette-Maritning marhum Jeffri Epshteyn bilan yozishmalari mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Mette-Marit bu munosabatlar uchun uzr so‘ragan, biroq unga nisbatan jinoiy ayblov qo‘yilmagan.
Shu bilan birga, uning o‘g‘li Marius Borg Xyoybi 2026-yil iyunida zo‘rlashning ikki epizodi va oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha aybdor deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Hukm ustidan ham himoya tomoni, ham prokuratura shikoyat qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter