OAV: Suriya va Isroil o‘rtasida muhim bitim imzolanadi

Isroil va Suriya joriy yilning 25 sentyabr kuni xavfsizlik bitimini imzolashi kutilmoqda. Bu haqda Isroil OAVlari arab manbalariga asoslanib xabar bermoqda.
Manbalarga ko‘ra, kelishuv Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Sharaa Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajadagi sessiyasida birinchi nutqini so‘zlagan kunning ertasiga AQSh shafeligida imzolanishi kutilmoqda.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ash-Sharaa va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu o‘rtasida AQSh prezidenti Donald Tramp ishtirok etishi kutilayotgan uchrashuvni tashkil etish ustida ham ishlamoqda.
Isroil matbuoti, shuningdek, shu hafta Parijda Isroil strategik ishlar vaziri Ron Dermer va Suriya tashqi ishlar vaziri Asaad al-Shiboniy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda erishilgan yutuqlar haqida xabar berdi. Ular bir qancha asosiy masalalarni muhokama qildilar: chegaradagi vaziyatni pasaytirish, Suriyaning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, Isroil va Suriya o‘rtasidagi hozirgi chegarani belgilab bergan 1974-yildagi kelishuvni qayta tiklash.
Suriya manbalarining ta’kidlashicha, asosiy to‘siq Isroilning Suriyadagi mavjudligini saqlab qolish istagi bo‘lib qolmoqda.
2024-yil noyabr oyi oxirida Suriya muxolifatining qurolli tuzilmalari Suriya armiyasi pozitsiyalariga qarshi keng ko‘lamli hujum uyushtirdi va 8 dekabrda Damashqqa kirdi. Bashar al-Assad Suriya prezidenti lavozimidan ketdi va mamlakatni tark etdi. Suriyaning yangi ma’muriyati rahbari Ahmad ash-Sharaa o‘tish davri davomida mamlakat prezidenti deb e’lon qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter