Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olgan Bekar: 2016 yil 15 iyulda mamlakatimiz va xalqimiz o‘zining yaqin tarixdagi eng katta sinovlaridan birini boshidan kechirgan

Olgan Bekar: 2016 yil 15 iyulda mamlakatimiz va xalqimiz o‘zining yaqin tarixdagi eng katta sinovlaridan birini boshidan kechirgan

Kecha Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasida 15 iyul – Demokratiya va milliy birlik kuni munosabati bilan xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Bundan yetti yil oldin FETO terrorchi tashkiloti tomonidan Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lgan edi. Natijada 250 kishi shahid bo‘lgan, 2000 kishi turli darajada jarohatlangandi. Prezident saroyi, Buyuk millat Majlisi binosi, Bosh vazirning Chankaya qarorgohi, Anqara viloyat xavfsizlik hamda Bosh jandermiya  va bir qator strategik binolar o‘qqa tutildi, bombalar tashlandi. Harbiy isyon asosan Turkiyaning Anqara va Istanbul shaharlarini qamrab olgandi. Mamlakat Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an televizor orqali turkiyaliklarga murojaat bilan chiqdi. Xalq o‘z rahbari atrofida jipslashdi, ko‘chaga chiqdi, isyonchilarga qarshilik ko‘rsatdi. Natijada mamlakatdagi tahlikali vaziyat 22 soat ichida nazoratga olindi. Davlat to‘ntarishiga urinish 2016 yilning 15 iyul kuni soat 22:00da boshlangan bo‘lsa, 2016 yilning 16 iyul kuni soat 20:02da to‘liq bostirildi. Xalq o‘z irodasini ko‘rsatdi, davlat mustaqilligini mardonavor himoya qildi.

Xotira tadbirida Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulloda va muxtor elchisi Olgan Bekar nutq so‘zladi. 

– 2016 yil 15 iyulda mamlakatimiz va xalqimiz o‘zining yaqin tarixdagi eng katta sinovlaridan birini boshidan kechirdi, – dedi Olgan Bekar o‘z so‘zida. – Bu g‘alaba Turkiyaning o‘z davlati va xalqi bilan jipslashib, demokratiyaga sodiqligini butun dunyoga ko‘rsatdi.

Marosimda Turkiya va O‘zbekiston madhiyalari yangradi, shahid ketganlar xotirasiga Qur’on tilovat qilindi. Ishtirokchilar e’tiboriga o‘sha mudhish voqealar aks etgan video va fotoko‘rgazma namoyish qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 15 iyul – Demokratiya va milliy birlik kuni munosabati bilan xotira tadbirlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lib o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring