O‘lim bilan shartlashgan ayol: Niagara sharsharasidagi xatarli tomosha
O‘lim bilan shartlashgan ayol: Niagara sharsharasidagi xatarli tomosha
1901-yil 24 oktyabr. Niagara sharsharasi atrofida minglab odam to‘plandi. Barchaning nigohi daryoda oqib kelayotgan g‘alati bochkaga qaratilgandi. Bochkaning ichida esa 63 yoshli ayol bo‘lib, u Enni Edison Teylor edi. Bir necha daqiqadan keyin bochka dunyodagi eng mashhur va xavfli sharsharalardan biri – Niagaraning Horseshoe Falls qismi ustidan pastga quladi.
51 metr! Oddiy odam uchun bu o‘lim bilan teng edi. Ammo Enni bu ishni ajal izlab qilmayotgandi. U boylik va shuhrat izlayotgandi. Biroq bu qarorining ortida oddiy pul istagidan ancha og‘irroq hayot tarixi bor edi.
Boy oilaning qizchasi
Enni 1838 yil 24 oktyabrda Nyu-York shtatidagi Obern shahrida tug‘ilgan. Oilada undan tashqari yana yetti nafar farzand bor edi. Otasi Merrik Edson un tegirmoniga ega bo‘lib, oila dastlab ancha farovon yashardi. Ammo u Enni hali 12 yoshga to‘lmasidan vafot etdi. Boy otadan qolgan meros oilaga ma’lum vaqt munosib yashash imkonini berdi.
Enni oddiy qiz emasdi. U kitob o‘qish, sayohatlar haqidagi hikoyalarni yaxshi ko‘rardi. Keyinchalik o‘qituvchilik kasbini egalladi. Uning hayotida bir paytlar tinch va oddiy kelajak bo‘lishi mumkin edi. Ammo taqdir boshqacha reja tuzdi.
Enni tahsil olayotgan paytida Devid Teylor ismli yigit bilan tanishdi. Ular bir-biriga ko‘ngil qo‘yishdi. Enni hali juda yosh edi. Tez orada ular turmush qurishdi. Lekin bu nikoh unga baxtdan ko‘ra ko‘proq musibat olib keldi. Ularning yagona farzandi – o‘g‘il dunyoga keldi, ammo chaqaloq bir necha kungina yashab, vafot etdi. Enni uchun bu birinchi katta fojia edi. Ona bo‘lish baxtini his qilishga ulgurmay, farzandidan ayrildi. Ammo uning boshiga tushgan zarba shu bilan tugamadi.
Urush
Bolasidan ayrilgan Enni hali bu og‘riqdan chiqib ulgurmagandi. Devid Teylor Amerikadagi Fuqarolar urushi davrida harbiy xizmatga ketdi. Urushdan esa tirik qaytmadi. O‘shanda 1864 yil edi.
Enni yosh bevaga aylandi. Endi uni uyda kutadigan na farzandi, na turmush o‘rtog‘i bor edi. O‘sha zamonlarda yolg‘iz ayolning hayoti hozirgidek emasdi. Ijtimoiy himoya, pensiya yoki barqaror yordam tizimi deyarli yo‘q. Beva ayol o‘zini o‘zi ta’minlashi kerak edi.
Enni o‘z hayotini qayta qurishga qaror qildi. U o‘qishga kirib, o‘qituvchi bo‘lishga qaror qildi. Keyin turli shaharlarda ishladi. Enni maktabda dars berish bilan birga raqs o‘rgatdi. Musiqa bilan shug‘ullandi. Jismoniy tarbiya bo‘yicha dars berdi. Hatto Michigan shtatidagi Bey-Siti shahrida o‘zining raqs maktabini ochdi. U, asosan, merosdan qolgan mablag‘ga suyanardi. Bu sarmoya asta-sekin tugadi.
Enni qarilikda qashshoq bo‘lib qolishdan qo‘rqardi. 62 yoshida u hali ham pul topish yo‘lini qidirardi. Enni Bey-Sitida raqs maktabini ochdi, ammo natija kutilganidek bo‘lmadi. Keyin Sent-Merisda musiqa bo‘yicha saboq berdi. Texasga ravona bo‘ldi. Ish qidirdi. Hatto Meksika shahrigacha borib, tirikchilik uchun imkoniyat izladi. Ammo omadi kelmadi.
U yana AQShga qaytdi. Enni endi bir narsani juda yaxshi tushungan edi: u qarilikda o‘zini ta’minlash uchun katta bir ish qilishi kerak. Shunda aqlga sig‘maydigan g‘oya tug‘ildi.
«Sharsharadan bochkada tushaman!»
Enni Niagara sharsharasiga odamlar oqib kelishini, bu yerda turli xavfli tryuklar qilganlar mashhur bo‘lib, pul topayotganini bilardi. Uning o‘zida esa boshqalarda yo‘q bir narsa bor edi: jasorat. Enni qaror qildi: «Men Niagara sharsharasidan bochkada o‘taman». Maqsadi aniq edi – mashhur bo‘lish va shon-shuhratni pulga aylantirish.
Enni maxsus bochka yasatdi. Ushbu buyurtma metin Kentukki dubidan tayyorlandi, temir halqalar bilan mustahkamlandi. Ichiga matras va yostiqlar joylashtirildi. Bochkaning suvda tik turishi uchun og‘ir yuk ham ishlatilgan. Enni o‘zini bochka ichiga mahkamlatishi kerak edi.
Uning yoniga havo kirishi uchun maxsus naycha o‘rnatildi. Bu oddiy «tryuk» emasdi. Bu hayot yoki o‘lim edi.
Avval mushuk...
Enni darhol o‘zini bochkaga solishga jur’at qilmadi. Avval bochkaning qanchalik mustahkam ekanini tekshirish uchun unga mushuk joylashtirildi. Bochka Niagaraga tashlandi. Mushuk tirik qoldi.
Navbat Enniga keldi. 1901-yil 24 oktyabr – uning tug‘ilgan kuni edi. Eng hayratlanarli tomoni shuki, Enni bu ishni tasodifan emas, 63 yoshga to‘lgan kunida amalga oshirmoqchi edi.
Bochka suvga tushirildi. Enni ichiga joylashdi. Qopqoq yopildi. Uning ortida chekinish yo‘li qolmadi. Bochka oqim bilan harakatlana boshladi. Sharshara esa tobora yaqinlashardi.
Bochka Niagaraning ulkan suv oqimiga kirib bordi. Tomoshabinlar qichqiriqlari ostida u sharshara chetidan uchdi.
51 metr pastga! Bir necha soniyadan so‘ng bochka suv ostida g‘oyib bo‘ldi. Hamma jim. Endi bitta savol bor: «U tirikmi?» Qutqaruvchilar bochkaga yetib borishdi.
Qopqoq ochildi. Enni tirik edi! Uning boshida jarohat bor edi, ammo omon qolgandi. U tarixda Niagara sharsharasidan bochkada tushib, tirik qolgan birinchi insonga aylandi.
Niagara malikasi
Enni bir zumda mashhur bo‘lib ketdi. Uni «Niagara malikasi» deb atay boshlashdi. Enni xotiralarini kitob qilib chiqardi. Unda hayoti va Niagaradagi sarguzashti o‘z tilidan bayon qilingandi. Kitob bugun ham ochiq manbalarda mavjud.
Enni nihoyat o‘zini mashhur qilgan ishni amalga oshirgandi. Endi pul kelishi kerak edi. Ammo...
Mashhurlik bor, pul esa yo‘q edi. Enni katta dovruq qozondi, ammo boyib ketmadi. U odamlar bilan suratga tushdi, dastxat berdi, kitob sotdi. Lekin katta daromadga erisha olmadi. Uning hatto eng qimmatli anjomi – mashhur bochkasi ham muammoga aylandi. Menejeri Frenk Rassel bochka bilan qochib ketdi. Enni uni topish uchun jamg‘argan mablag‘larining katta qismini xususiy detektivlarga sarfladi. Bochka topildi. Ammo keyin yana uning qo‘lidan ketdi.
Taqdir go‘yo Enniga: «Sening shuhrating bor, ammo boyliging yo‘q», deyayotgandek edi.
U yana Niagaraga qaytdi
Enni hayotining oxirgi yillarida ham pul topishga urindi. U sayyohlar bilan suratga tushdi. Bochkasi haqida hikoyalar bitdi. Qimmatli qog‘ozlar bozorida pul ishlashga harakat qildi. Hatto yana bir marta sharsharadan tushish haqida ham gapirdi. Keyinchalik folbinlik va turli «davolash» xizmatlari bilan ham shug‘ullandi.
Ammo u endi avvalgi Enni emasdi. Yillar o‘tgan, yoshi qarib qolgandi. Sog‘lig‘i yomonlashgan, ko‘zi xiralashgan edi. Uning o‘zi ham Niagaradagi xavfli tushishi salomatligiga ta’sir qilganini aytgan.
1921-yil fevral oyida Enni Lokport shahridagi kambag‘allar shifoxonasiga tushdi. Oradan ikki oy o‘tib, 29 aprel kuni u vafot etdi. 82 yoshda. Ammo eng achchiq haqiqat shuki, Niagaradan tirik chiqqan ayol hayotining oxirida deyarli puli qolmagan edi. Uning dafn marosimi uchun jamoatdan xayriya yig‘ishga to‘g‘ri keldi. Enni Niagaradagi boshqa mashhur tavakkalchi Karlayl Grem yoniga, «Stunter’s Rest» deb ataladigan maxsus qismga dafn qilindi.
Enni Edison Teylor millioner bo‘lmadi. U katta saroylarda yashamadi. Oilaviy hayoti baxtli yakunlanmadi. Ammo u tarixda qoldi.
Bu ayolning ishini boshqalar ham takrorlashga urindi. Ammo ba’zi sa’y-harakatlar fojia bilan tugadi. 1911- yilda britaniyalik Bobbi Lich ham bochkada Niagara sharsharasidan o‘tdi. U tirik qoldi, ammo og‘ir jarohatlar oldi – tizzalari va jag‘i sindi. Guinness ma’lumotlariga ko‘ra, 1901–1955-yillar oralig‘ida Ennining ishini takrorlashga uringan 15 kishidan faqat 10 nafari omon qolgan.
Akbar Fathullayev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter