Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oq uy yonmoqda» – Bishkekda namoyishchilar prezident ma’muriyati binosini egallashdi

«Oq uy yonmoqda» – Bishkekda namoyishchilar prezident ma’muriyati binosini egallashdi

Foto: «RIA Novosti»

Kecha, 5 oktyabr kuni Bishkek markazida saylovlarda respublika parlamentiga kira olmagan partiyalar tarafdorlarining norozilik namoyishlari boshlandi. Ulardan biriga Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning o‘g‘li Seyitbek Atambayev yetakchiligidagi sotsial-demokratlar boshchilik qilayotgani aytiladi. Namoyishchilar mamlakatda o‘tgan saylov natijalarini bekor qilishni va qayta ovoz berishni talab qilishmoqda.

Kechga borib namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda 120 dan ortiq kishi jarohat olgan.

Seshanba kuni tunda Qirg‘iziston parlamenti va prezident ma’muriyati joylashgan Oq uy binosiga namoyishchilar bostirib kirishdi.

Shuningdek, namoyishchilar sobiq prezident Almazbek Atambayevni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoridan ozod qilishgani aytilmoqda.

Yarim tunda esa namoyishchilar tomonidan tortib olingan Oq uyda yong‘in sodir bo‘lgan. Ba’zi nashrlarda binoda yong‘in bir necha qavatga tarqalgani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda bir kun oldin parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra, «Birimdik», «Mekenim Kirgizstan», «Kirgizstan» va «Butun Kirgizstan» partiyalari yetarli ovoz to‘play olgan. Saylovda qatnashgan 12 partiyadan 11 tasi natijalarni tan olmagan. Hukmron «Birimdik» partiyasi esa qayta saylovlar o‘tkazishga rozi bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring