Oq uyda Tramp Zelenskiy va Netanyahu bilan uchrashdi
AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Oq uy muzokaralarni «ijobiy va samarali» deb baholadi.
Zelenskiy bilan uchrashuvda Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish, xususan Patriot majmualari uchun raketa-tutqichlar yetkazib berish va ularni Ukrainada litsenziya asosida ishlab chiqarish masalasi muhokama qilindi. Zelenskiyning aytishicha, Tramp Ukrainaga bunday litsenziya berishga rozilik bildirgan.
Shuningdek, Ukraina prezidenti AQSh Kongressi a’zolari bilan ham uchrashib, Rossiya nefti va gazini xarid qiluvchilarga qarshi yangi sanksiyalar tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Netanyahu bilan muzokaralarda esa asosiy e’tibor Eronning yadroviy dasturi va Yaqin Sharqdagi vaziyatga qaratildi. Isroil Bosh vaziri Tramp bilan Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha umumiy pozitsiya shakllanganini ma’lum qildi va buni AQSh prezidenti bilan o‘tkazgan «eng yaxshi suhbatlardan biri» deb atadi.
Uchrashuvlardan ko‘p o‘tmay AQSh harbiylari Eron kuchlari Yaqin Sharqdagi Amerika harbiy obyektlariga raketa hujumi uyushtirishga uringanini, barcha raketalar tutib qolinganini bildirdi. Shuningdek, AQSh va Saudiya Arabistoni kuchlari Iroq sharqida Saudiya energetika infratuzilmasiga dron hujumlari uyushtirgani aytilgan Eronga yaqin qurolli guruhlarga qarshi zarbalar berganini ma’lum qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter