Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ostona forumida qatnashadigan yuqori martabali mehmonlar nomi ma’lum qilindi

Ostona forumida qatnashadigan yuqori martabali mehmonlar nomi ma’lum qilindi

Joriy yil 8-9 iyun kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tadigan xalqaro forumda bir qator davlat rahbarlari va xalqaro tashkilotlar yetakchilari qatnashadi. Qozog‘iston prezidenti shafeligida o‘tishi rejalashtirilgan mashvaratdan ko‘zlangan maqsad yangi muloqot ko‘priklari barpo etish, robitalarni mustahkamlash va kollektiv muammolarga diplomatik, iqtisodiy va siyosiy yechimlar topish ekani xabar qilingan.

Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Al-Taniy, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala, YuNESKO bosh direktori Odre Azule, BMT bosh kotibi o‘rinbosari Armida Alisjaxbana, Xalqaro valyuta jamg‘armasi direktori Kristalina Georgiyeva, YeXHT bosh kotibi Helga Shmid, YeXHT Parlament assambleyasi raisi Margareta Sederfelt, ShHT bosh kotibi Chjan Min, YeTTB prezidenti Odil Reno-Basso hamda OTB prezidenti Masatsugu Asakava tadbirda faxriy mehmon sifatida qatnashadi.

Ostona forumida davlat arboblari, siyosatshunoslar, iqtisodchilar, olimlar, yirik kompaniyalar rahbarlari – jami 1000 ga yaqin mehmon ishtirok etishi kutilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, dunyoda qutblashuv va geosiyosiy ixtiloflar kuchaygan bir davrda Qozog‘iston global muammolarni hal etish uchun yangi muloqot maydoni sifatida Ostona xalqaro forumini o‘tkazishni taklif qilmoqda.

«Muammolarni muloqot vositasida hal etish: hamkorlik, farovonlik va taraqqiyot yo‘lida» shiori ostida o‘tkaziladigan anjumanda iqlim o‘zgarishi, energetika xavfsizligi va oziq-ovqat yetishmasligi kabi dolzarb muammolarga yechim izlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring