Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasida muhim hujjat imzolandi: endi munosabatlar avvalgidek bo‘lmaydi...

Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasida muhim hujjat imzolandi: endi munosabatlar avvalgidek bo‘lmaydi...

Foto: RIA Novosti

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 22-fevral kuni Moskvaga safari davomida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashdi. Besh soatdan oshiq davom etgan muzokaralardan keyin ikki davlat yetakchisi «Ozarbayjon Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida»gi deklaratsiyani imzoladi.

Muzokaralar yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashgan prezidentlar yangi imzolangan deklaratsiyani  «tarixiy, strategik hujjat» deb atagan.

Mezbon davlat rahbari V.Putinga ko‘ra, o‘tgan o‘n yil davomida ikki mamlakat do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmatga asoslangan holda hamkorlik olib bormoqda. 2021-yilda o‘zaro savdo aylanmasi 16 foizga oshib, 3,4 milliard dollarni tashkil etdi. Munosabatlarning ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilishi esa barcha sohalardagi robitalarni yangi bosqichga olib chiqadi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘z bayonotida Armaniston bilan urushga barham berishda rasmiy Moskva muhim o‘rin tutganini ta’kidlar ekan, 2020-yil 9-10-noyabr kuni imzolangan uch tomonlama hujjatning barcha bandlari bajarilishi, Qorabog‘dan qo‘shni davlat qurolli kuchlari to‘liq olib chiqilishi va Naxchivon bilan bog‘lovchi yo‘l ochilishi muhimligini eslatdi.

Hozirga qadar ikki davlat o‘rtasida hamkorlikka doir 245 ta hujjat imzolangan. I.Aliyevga ko‘ra, ittifoqchilik munosabatlariga doir yangi deklaratsiya ular orasida alohida o‘rin tutadi.

43 banddan iborat hujjatning birinchi bandida Ozarbayjon va Rossiya munosabatlari mustaqillik, davlat suvereniteti, hududiy yaxlitlik, chegaralar daxlsizligiga hurmat, ichki ishlarga aralashmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishga asoslanishi ta’kidlanadi. Tomonlar butun dunyo, xususan, Kavkaz va Kaspiy mintaqasida tinchlikni ta’minlash uchun bir-biriga ko‘mak berishi, siyosatdan tortib sportga qadar – turli sohalarda manfaatli hamkorlikni rivojlantirishi qayd etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring