Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pandemiya davrida Turkiyaga boruvchi sayyohlarga qanday imkoniyatlar berilishi ma’lum qilindi

Pandemiya davrida Turkiyaga boruvchi sayyohlarga qanday imkoniyatlar berilishi ma’lum qilindi

Foto: «Dailysabah.com»

Turkiya hukumati pandemiya davrida mamlakatga kelgan sayyohlarga tibbiy sug‘urta paketini taqdim etadi. 15, 19 va 23 yevrolik sug‘urta paketlari doirasida 3000 yevrodan 7000 yevrogacha tibbiy xarajatlar qoplanadi. Bu haqda mamlakat Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy Antaliyada o‘tkazilgan xalqaro anjumanda ma’lum qildi.

Turkiyaga eng ko‘p sayyoh yuborgan 50 dan oshiq davlat diplomatlari hamda chet ellik jurnalistlari qatnashgan anjumanda xavfsiz turizm dasturi tafsilotlari ochiqlandi.

«Pandemiya vaqtida mamlakatimizda ta’til o‘tkazmoqchi bo‘lgan mehmonlarimiz uchun hamma jihatlarni, ikir-chikirlargacha hisobga oldik. 1 iyul holatiga ko‘ra mamlakatimizga keladigan chet ellik mehmonlarimiz uchun Sovid-19 testini o‘z ichiga olgan tibbiy sug‘urta paketini joriy qildik. Shartnoma bilan kelishilgan aeroportlardan olingan aviachiptalar, pasport nazoratidan avval savdo maskanlari, tur operatorlar va onlayn kanallar orqali xarid qilish mumkin bo‘lgan 15, 19 va 23 yevrolik sug‘urta paketlari doirasida 3 ming, 5 ming va 7 ming yevrogacha barcha tibbiy xarajatlar qoplanadi», – deydi vazir Ersoy.

Turkiya madaniyat va turizm vazirligi joriy etgan xavfsiz turizm sertifikati soha xodimlari hamda mehmonlarning salomatligini muhofaza etish bo‘yicha keng ko‘lamli choralarni o‘z ichiga oladi. Xalqaro sertifikatlash idoralari tomonidan beriladigan ushbu sertifikat aviakompaniyalar, aeroportlar va boshqa transport ob’yektlari, turarjoy sektori hamda umumiy ovqatlanish muassasalarida sog‘liqni saqlash, sanitariya-gigiyena bo‘yicha talablarga so‘zsiz ijro etilishini ta’minlaydi. Sertifikatlash tizimi mehmonlarning o‘z ta’tillarini xavfsiz va tozalikka rioya qilingan holda o‘tkazishini kafolatlashga yo‘naltirilgan.

Mehmet Nuri Ersoyga ko‘ra, mazkur sertifikat olish uchun murojaatlar soni hamda sertifikatlangan ob’yektlar miqdori oshib bormoqda. Vazir Turkiyaning Aydin, Antaliya, Mug‘la kabi sayyohlik markazlarida koronavirusga chalinish ko‘rsatkichi juda pastligiga ham e’tibor qaratgan.

Hozirga qadar 400 ga yaqin mehmonxona xavfsiz turizm mezonlarini amalga tatbiq etib tegishli shahodatnoma olishga ulgurdi.

Ma’lum qilinishicha, xavfsiz turizm sertifikati dasturiga oid batafsil ma’lumotlarni Turkiya turizmni tanitish va rivojlantirish agentligining sayti orqali topish mumkin.

Mehmet Nuri Ersoyning ta’kidlashicha, 2023 yil – Turkiya respublikasi e’lon qilinganining 100 yilligi arafasida mamlakatga keluvchi sayyohlar sonini 75 millionga, ushbu soha bo‘yicha yillik daromadni esa 65 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Jahon sayyohlik tashkilotiga ko‘ra, 2019 yilda Turkiya sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuruvchi mamlakatlar reytingida oltinchi o‘rinni olgan. O‘tgan yili mamlakatga 52 million sayyoh tashrif buyurgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring