Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pokiston Erondan o‘z elchisini chaqirib oladi

Pokiston Erondan o‘z elchisini chaqirib oladi

Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Erondagi elchisini chaqirib olishga qaror qildi.

Bunga Eron tomonining kecha, 16-yanvar kuni Balujiston viloyatiga havo zarbalarini yo‘llagani sabab bo‘lgan. Eron tomoni ushbu holatni izohlab, «Jaysh al-Adl» guruhi bazalari o‘qqa tutilganini bildirgan, biroq bir muddat o‘tib, Eron matbuotida hujum haqidagi havolalar tezda o‘chirilgan edi.

Rasmiy Islomobod o‘z bayonotida Tehronning zarbalarini noqonuniy deb atagan va javob berish huquqini o‘zida saqlab qolganiga urg‘u bergan.

«Kecha Eron tomonidan Pokiston suverenitetini asossiz va ochiqdan-ochiq buzish xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining maqsad va tamoyillarini buzish hisoblanadi.

Ushbu noqonuniy harakat mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas va hech qanday asosga ega emas. Pokiston ushbu noqonuniy harakatga javob berish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Buning oqibatlari uchun javobgarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri Eronga yuklanadi», – deyiladi Pokiston TIV bayonotida.

Bayonotda, shuningdek ushbu xabar Eron hukumatiga yetkazilgani hamda Pokiston o‘z elchisini Erondan chaqirib olishga qaror qilgani aytiladi. Shu bilan birga hozirda o‘z davlatida bo‘lib turgan Eronning Pokistondagi elchisiga qaytib kelmasligi mumkinligi aytilgan.

Bundan tashqari yaqin kunlarda Pokiston va Eron o‘rtasida davom etayotgan yoki rejalashtirilayotgan barcha oliy darajadagi tashriflar to‘xtatilishi ma’lum qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring