Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin o‘ldiga chiqarilgan do‘stini medal bilan siyladi

Putin o‘ldiga chiqarilgan do‘stini medal bilan siyladi

Foto: “KCNA”

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya davlat kengashi raisi Kim Chen Inni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi medali bilan taqdirladi. Bu haqda Rossiyaning Pxenyandagi elchixonasi ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Kim Chen In Shimoliy Koreya hududida dafn etilgan sovet askarlari xotirasini abadiylashtirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlangan. Ma’lumotlarga qaraganda, Ikkinchi jahon urushi yakunida Koreya yarimorolini ozod qilish uchun janglarda sobiq Ittifoqning 4700 ga yaqin askari halok bo‘lgan.

Medal Rossiyaning Pxenyandagi elchisi Aleksandr Matsegora tomonidan Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Li Son Gvonga topshirilgan.

Vladimir Putin va Kim Chen In o‘zaro do‘stona munosabatlar ega. Bunda albatta ikki mamlakat o‘rtasidagi mafkuraviy mushtarakliklar hamda Shimoliy Koreya davlatini ta’sis etishda SSSRning tarixiy xizmati muhim ahamiyat kasb etadi.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning Kreml tomonidan medal bilan siylanishi uning salomatligiga doir ziddiyatli xabarlar tarqalgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Joriy yil aprel oyida Kim Chen In o‘lim to‘shagida yotgani xususida xabar tarqaldi.

Pirovardida mazkur ovoza rad etildi.  1-may kuni esa Shimoliy Koreya rasmiy matbuoti Kim Chen In Sunchxon shahridagi o‘g‘it zavodi ochilish marosimida qatnashgani haqida xabar tarqatdi.

Qisqa rasmiy xabar orqali Kim Chen Inning og‘ir ahvolda ekani haqidagi taxmin-tusmollarga javob berilgan bo‘lsa-da, mamlakat o‘ta yopiq ekani bois davlat rahbarining ayni choqdagi salomatligi borasida ishonchli ma’lumot olish imkonsiz.  

Shimoliy Koreya xalq demokratik respublikasi ta’sis etilgan 1948-yildan buyon o‘lkani Kimlar sulolasi idora etib keladi. Jumladan, Kim Ir Sen 1948-1994, Kim Chen Ir 1994-2011-yillarda rahbarlik qilgan. Bobomeros “taxt”ni  2011-yilda Kim Chen In egallagan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring