Putin Ukrainada mudhish ishga qo‘l urmoqchi – OAV
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi Zaporoje atom elektr stansiyasini portlatish haqida buyruq bermoqchi, deb xabar qildi Buyuk Britaniyaning The Times gazetasi.
Nashrga ko‘ra, Putin avtoritar rahbar sifatida o‘z tarafdorlari nigohida nufuzi va obro‘sini saqlash uchun keskin choralar ko‘rishga majbur. Ukraina bosqini yirik strategik xato bo‘ldi. Frontda Rossiya armiyasi real yutuqlarga erisha olmayotir. Boz ustiga, 24 iyun kuni «Vagner» xususiy harbiy shirkati rahbari Yevgeniy Prigojin uyushtirgan harbiy isyon Putin hokimiyatining zaifligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Qayd etilishicha, rus armiyasi «vagner»chilarga deyarli qarshilik ko‘rsatmadi, Rostov aholisi esa yollanma jangchilarni qahramon kabi kutib oldi. Bularning bari Putinning «oqil va qat’iyatli rahbar» sifatidagi nufuziga soya soldi. Hozirgi vaziyat keskin qadamlarni talab qilmoqda, deb hisoblaydi ingliz nashri.
«Putin rejimi va ayni choqda mintaqa xavfsizligi uchun xatarli pallalar keldi. Siyosat maydonida omad qushini qaytarish va tezkor g‘alaba uchun janob Putin urushda tub burilish yasash vasvasasiga tushishi mumkin... Uning armiyasi allaqachon Kaxovkadagi gidroelektrostansiya to‘g‘onini portlatdi (Rossiya buni tan olmay kelmoqda). Ular Zaporoje atom elektr stansiyasini portlatishni ko‘zlayotgani ehtimoli ham katta», – deb yozadi The Times gazetasi.
Stansiyadan rus harbiylari hamda xodimlar olib chiqib ketilayotgani ushbu gumonni yanada kuchaytirmoqda.
Ingliz nashri NATO AESni portlatish javobsiz qoldirilmasligi haqida Moskvani qat’iy ogohlantirishi lozim deb hisoblaydi.
Rossiya Zaporoje AESda diversion harakatlarni ko‘zlayotgani haqida Ukraina hukumati bong urib kelmoqda. Jumladan, Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov The New Statesman nashriga bergan intervyusida Rossiya harbiylari Zaporoje AESning 4 ta bloki va sovituvchi suv havzasini minalagani haqida ma’lum qilgan. Harbiy razvedka rahbari Rossiya AESni portlatish bo‘yicha rejani «ishlab chiqqani va tasdiqlagani»ni urg‘ulagan. K.Budanovga ko‘ra, Rossiya ikki holatda AESni portlatishi mumkin: 1) rus armiyasi Dnepr daryosining chap sohilidan siqib chiqarilsa, Ukraina harbiylari ilgarilama harakatiga chek qo‘yish uchun; 2) Ukraina qarshi hujumini to‘xtatish uchun «profilaktik chora» sifatida.
Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi agentlik xodimlari Zaporoje AESni portlatishga tayyorgarlik holatini ko‘rmayotganini ma’lum qilgani holda, «hamma narsa ro‘y berishi mumkinligi»ni istisno etmagan.
Ukrainaning Zaporoje viloyatida joylashgan AES dunyodagi 8-yirik atom stansiyasi sanaladi. 2022 yil mart oyida AESni Rossiya harbiylari ishg‘ol qilgan. 2022 yil sentyabr oyida stansiya reaktorlari faoliyati xavfsizlik vajidan to‘xtatilgan.
Rasmiy Kiyev Moskva AESda yirik terakt uyushtirishga hozirlik ko‘rayotgani, yadro ob’yektidagi portlash butun Yevropa uchun og‘ir oqibatlar keltirishidan ogohlantirmoqda. Ukraina tomoni 29 iyundan ehtimoliy portlash oldidan aholi ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishni boshlagan. Rasmiy Moskva esa bu ayblovlarni rad etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter