Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putinni qaysi davlatlar ko‘proq yomon ko‘radi? Co‘rov natijalari e’lon qilindi

Putinni qaysi davlatlar ko‘proq yomon ko‘radi? Co‘rov natijalari e’lon qilindi

Pew Research kompaniyasi turli qit’alardagi 24 mamlakat fuqarolari o‘rtasida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nechog‘li ishonish mumkinligi masalasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi.

So‘rov kurrai arz bo‘ylab Putinga nisbatan salbiy munosabat kuchayib borayotganini ko‘rsatdi. Jami respondentlarning 87 foizi Putin yuritayotgan xalqaro siyosatni butkul yoki qisman rad etgan. Polsha, Shvetsiya (98 foiz), Germaniya (92 foiz) kabi davlatlarda ishonchsizlik ko‘rsatkichi eng yuqori. Fransiya, Ispaniya, Shvetsiyada ham rasmiy Moskva siyosatini xushlamaydiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Putinga nisbatan salbiy munosabat Ukraina bosqini ortidan kuchaygan. Masalan, Argentinada 2019 yili 51 foiz aholi Kreml xo‘jayiniga ishonchsizlik bildirgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 74 foizga yetgan. 

Kutilmagan jihat shundaki, Hindiston (59 foiz), Indoneziya (43 foiz) kabi Osiyo mamlakatlarida Putinni yoqlaydiganlar ko‘p ekani ayon bo‘ldi. Holbuki, BRIKS davlatlaridan Braziliya (77 foiz) va JARda (50 foiz) salbiy munosabat bildiruvchilar safi keng.

Rossiya Federatsiyasiga nisbatan salbiy munosabat ham uning prezidentiga munosabatga deyarli o‘xshash. Bu borada Polsha (98 foiz) birinchi o‘rinda qayd etilgan.

Yevropaning Gretsiya (32 foiz), Vengriya (23 foiz), Italiya (18 foiz) kabi davlatlarida rus o‘lkasiga ijobiy munosabat kuzatilgan. 

Hindiston (57 foiz) va Indoneziya (42 foiz) Rossiyaga simpatiya borasi ham yetakchi o‘rinni egallagan. Nigeriya (42 foiz), Keniya (40) kabi Afrika davlatlari ham Rossiyaga ijobiy munosabat yuqori ekani ma’lum bo‘ldi.

So‘nggi vaqtlarda ayrim tahlilchilar Putinning kursisi liqillab qolgani haqidagi farazlarni ilgari surmoqda.

Avvalroq rossiyalik siyosatshunos Abbas Gallyamov Putin va uning xos a’yonlari Ukraina urushi muvaffaqiyatsiz tugasa, xorijga qochishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. O‘z davrida Putin komandasida faoliyat yuritgan A.Gallyamovga ko‘ra, qochish operatsiyasi “Nuh kemasi” degan ramziy nom bilan atalgan.

Rossiya sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov Putinga xavfsizlik garovi evaziga hokimiyatdan ketish taklifi berilishi mumkinligi haqida aytgan. Sobiq bosh vazir Xitoy Putinni o‘z himoyasiga olishi va uning xavfsizligini kafolatlashi mumkin bo‘lgan yagona davlat ekanini ta’kidlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring