Qo‘sh fojia: Go‘yoki sep uchun o‘ldirilgan kelin va dahshatli qasos...
Ikki oila mojarosi, dahshatli fojia, uch kishi halok bo‘lgan va yetti kishi qamoqda.
Hindiston shimolidagi Prayagraj shahrida sodir bo‘lgan voqea o‘rta sinf vakillari yashaydigan mahallani dahshatga soldi, deyiladi BBC xabarida.
«18 martga o‘tar kechasi soat 23:00 atrofida uyimizga 60-70 ga yaqin odam keldi. Ular bizni shafqatsizlarcha kaltaklay boshlashdi», — deydi Shivani Kesarvani.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum qilganlar orasida Anshikaning oila a’zolari va qarindoshlari bo‘lgan. Anshika o‘z navbatida Kesarvanilar oilasiga kelin bo‘lib tushgan. U hujum uyushtirilishidan qariyb bir necha soat oldin xonasida osilgan holda topilgan.
Shivani va politsiya Anshika o‘z joniga qasd qilganini da’vo qilmoqda, ammo oilasi va qo‘shnilari u sep uchun o‘ldirilganini aytishmoqda.
Kesarvaniylar oilasi yog‘och savdosi bilan shug‘ullanib, bir oila bo‘lib yashagan. Birinchi qavat va yerto‘lada do‘kon va ombor joylashgan bo‘lib, yuqori qavatlarda oila a’zolari istiqomat qilishgan. Har bir qavatda bitta yotoqxona bor edi: Anshu bir yil oldin to‘y qilganidan beri xotini bilan eng yuqori qavatda yashagan, ota-onasi birinchi qavatda, singlisi Shivani esa ikkinchi qavatda yashagan.
«Anshika odatda kechki ovqatga soat 20:00 atrofida kelardi, lekin o‘sha kuni u kelmadi va biz uxlab qolgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandik»,– deydi Shivani BBCga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, akasi soat 22:00da do‘kondan kelganida xotiniga qo‘ng‘iroq qilgan.
«Eshik taqillashi va qo‘ng‘iroqlari javobsiz qolgach, eshik sindirilgan. U Anshikani o‘lik holda topgan. Qichqiriq ovozidan hammamiz yuqoriga yugurdik», deydi Shivani.
Anshu o‘lim haqida politsiya bo‘limiga xabar bergan va Anshikaning ota-onasi bu haqda xabardor qilingan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, bir soatdan kamroq vaqt o‘tib, Anshikaning oilasi o‘nlab qarindoshlari bilan birga kelgan va bir necha daqiqadan so‘ng oilalar o‘rtasida shiddatli mushtlashuv boshlangan.
Shivani OAVga erkaklarning baqirib, bir-birini yog‘och tayoq bilan urishayotgani tasvirlangan videoni ko‘rsatadi. Politsiyachining o‘rtada tartibni tiklashga urinishi samarasiz edi.
Anshikaning jasadi uydan olib chiqilgach, uning qarindoshlari uyga o‘t qo‘yishgan, deb xabar beradi politsiya.
Shivani va uning xolasi ikkinchi qavat oynasini sindirib, yaqin atrofdagi amakisiga tegishli uyga qochishadi. Uning ota-onasiga esa omon qolish nasib etmadi.
O‘t o‘chiruvchilar soat 3 larda uyga kirishganida, yong‘inni o‘chirish uchun uch soatdan ko‘proq vaqt kerak bo‘ldi, ular keksa er-xotinning kuygan jasadlarini topdilar.
«Onamni zinapoyada o‘tirgan holda topishdi. Ular onamni qopda o‘likxonaga olib ketishdi»,– deydi Shivani ko‘z yoshlarini artib.
Shivanining politsiyaga yozgan shikoyatida Anshika oilasining 12 nafar a’zosi va «60-70 nafar noma’lum shaxs» nomi ko‘rsatilgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, yetti kishi, jumladan Anshikaning otasi, amakisi va ularning o‘g‘illari hibsga olingan va qamoqda qolmoqda.
Ularning aytishlaricha, Anshikaning otasi «Anshu, uning ota-onasi va opa-singillari»ni qizining sepi uchun ta’qib qilib, o‘ldirganlikda ayblab, qarshi ariza bergan.
Shivani oilasiga qo‘yilgan ayblovlarni rad etadi, garchi to‘yda Anshika oilasidan sovg‘alar, jumladan, mashina olganini tan oladi. «Ular qizlariga xohlagan hamma narsani berishdi. Biz hech narsa so‘ramadik», — deydi u.
Anshu xotini vafot etgan kechadan beri uyiga qaytmadi. «U yashirinib yuribdi, chunki Anshikaning ko‘p qarindoshlari qamoqdan chiqqani uchun u o‘z hayotidan qo‘rqadi»,– deya qo‘shimcha qiladi u.
Hindistonda 1961 yildan beri qizlarga sep berish ham, qabul qilish ham noqonuniy hisoblanadi, ammo yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, hind nikohlarining 90 foizi hali ham bu odatga amal qiladi.
Politsiya har yili ayollarning zo‘ravonligi bo‘yicha minglab shikoyatlarni qabul qiladi va jinoyat ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, 2017 va 2022 yillar oralig‘ida Hindistonda 35 493 nafar kelin seplarining yetarli emasligi sababli o‘ldirilgan.
Hozirda amakisining oilasi bilan yashaydigan Shivani adolat yuzaga chiqishini xohlaydi.
«Men adolatni xohlayman. Hayotim vayron bo‘ldi, uyim va oilam g‘oyib bo‘ldi. Men erkin va adolatli tergov o‘tkazilishini va aybdor deb topilganlarning hammasi jazolanishini istayman»,– deydi u.
Shivani politsiyadan ham g‘azablangan. «Uyimiz oldida kamida yigirma nafar politsiyachi bor edi, lekin ota-onamni qutqarish uchun hech kim kelmadi. Ular shunchaki turishdi va tomosha qilishdi», – dedi u.
Politsiya bu ayblovni keskin rad etadi. «Bu nozik masala edi va hissiyotga berilmaslik kerak. Biz jasadni voqea joyidan olib chiqib, «ochish» uchun kasalxonaga olib borishga e’tibor qaratdik. Maqsadimiz olomonni tarqatish va vaziyatni yumshatish edi», – dedi ismini oshkor qilishni istamagan yuqori martabali politsiyachi.
«Hech kim uy yonib ketishini kutmagan edi. Bu mutlaqo kutilmagan bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qildi u. — «Biz darhol o‘t o‘chirish bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildik. Biz ham besh kishini qutqarishga yordam berdik».
Qo‘shaloq fojia Anshikaning oilasini ham ranjitdi. Hikoyada ularning tomonlarini eshitish uchun Anshika to‘yidan oldin yashagan ota-onasining uyiga tashrif buyurilgan.
Anshikaning uyidan atigi 2 km narida amakisining uyi bor. U va uning o‘g‘illari hibsga olinganlar orasida. Oila hozircha OAV bilan gaplashishdan bosh tortgan.
Jurnalistik surishtiruv davomida Anshikaning bobosi Javohar Lal Kesarvaniy bilan suhbatlashishning imkoni bo‘lgan.
«Sizga nima ayta olaman? Mening butun oilam qamoqda, o‘g‘illarim, nevaralarim», — deydi u bir necha daqiqadan so‘ng.
«Ular Anshikani o‘ldirib, o‘z joniga qasd qilgandek ko‘rsatish uchun uni osib qo‘yishdi»,—deya qo‘shimcha qiladi u.
Janob Kesarvanining aytishicha, Anshika uchun katta to‘y qilingan. «Biz 5 million rupiy (60 000 dollar) sarfladik. Biz unga uy xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan hamma narsani va 1,6 million rupiylik mashinani berdik».
Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan fevral oyida Anshika ularnikiga tashrif buyurganida, «go‘yoki uni kuzatishayotganini aytdi. Biz unga o‘rnida qolishni, moslashishi kerakligini, hammasi yaxshilanishini aytdik»,– dedi u afsus bilan.
Qo‘shni xonadonda yashovchi ayol Anshikaning «juda yaxshi xulqli qiz» ekanini aytadi va uning oilasini «juda oddiy... ular ayblanayotgan dahshatli jinoyatni sodir etishga qodir emas», – deb ta’riflaydi.
«Ammo achinarli hol shundaki, hozir hech kim Anshika bilan bo‘lgan voqea haqida gapirmayapti. U qanday qilib vafot etdi?
Kesarvanilar o‘z hududida obro‘li oila bo‘lib, kamtar, do‘stona deb ta’riflanadi va qo‘sh fojianing tafsilotlari qo‘shnilarni hayratda qoldirdi.
«Ular juda yaxshi odamlar. Bu qanday sodir bo‘lganini tasavvur ham qila olmaymiz. Ular janjal qiladigan odamlar emas», – deydi ulardan bir necha uy narida yashovchi shaxs.
«Yong‘inda kim sababchi ekanini bilmaymiz, lekin qizining jasadini ko‘rgan har qanday odam aqlini yo‘qotadi»,– deya qo‘shimcha qiladi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter