Qozog‘iston dunyo mamlakatlarini yadro qurolidan voz kechishga chaqirmoqda
29 avgust – Yadro sinovlariga qarshi xalqaro kurash kuni munosabati bilan dunyo miqyosida bir qator muhim tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi Oybek Smadiyarov rasmiy brifingda ma’lum qilgan.
Jumladan, Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining yuqori darajadagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi. BMTning Vena maydonida Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri va Yadroviy sinovlarni taqiqlash bo‘yicha Shartnoma tashkiloti rahbarining qo‘shma bayonoti e’lon qilinadi. Unda yadro qurolidan xoli dunyoga erishish muhimligi bayon etiladi.
Shuningdek, Ostona shahrida «Yadro qurolining gumanitar oqibatlari va Markaziy Osiyo – yadro qurolidan xoli hudud» mavzusida mintaqaviy anjuman o‘tkaziladi.
2009 yil 29 avgust kuni Qozog‘iston tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasi rezolyusiyasi asosida Yadro sinovlariga qarshi xalqaro kurash kuni ta’sis etilgan.
Xalqaro muhim sana uchun 29 avgust tanlangani bejiz emas. Gap shundaki, 1991 yil 29 avgust kuni dunyodagi eng yirik poligonlardan bo‘lgan Semey (Semipalatinsk) yadro poligoni yopilgan edi.
Sobiq Ittifoq davrida, 1947 yilda qurilgan ushbu poligonda atom bombasi sinovlari o‘tkazilgan.
O‘tgan asrning 80-yillari oxirida turkiy dunyoning atoqli shoiri O‘ljas Sulaymon boshchiligida vujudga kelgan «Nevada-Semey» xalqaro aksilyadro harakatining sa’y-harakati bilan poligonda rejalashtirilgan 10 dan ortiq portlashning oldi olingan.
1992–1995 yillar oralig‘ida barcha yadro kallaklari Qozog‘iston Respublikasi hududidan olib chiqib ketilgan yoki kimyoviy yo‘l bilan yo‘q qilingan.
Jahondagi yirik yadro poligonining yopilishi 1996 yilda Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilishga zamin yaratdi.
Qozog‘iston dunyo davlatlarini 2045 yil, BMTning 100 yillik yubileyiga qadar yadro qurolidan butkul voz kechishga chaqirib kelmoqda.
Yadro tahdidi, ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin yanada xavotirli tus olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter