Qozog‘iston lotin yozuviga o‘tishga shoshilmayapti
Qozog‘iston lotin yozuviga o‘tishga ikki marta samarasiz urinib ko‘rdi, endi yakuniy to‘xtamga kelishdan avval barchasini yaxshilab chamalab ko‘rishimiz kerak, dedi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev milliy qurultoy yig‘ilishida.
Ayrim jamoatchilik vakillari Qozog‘iston kirill yozuvidan kecholmayotganidan xavotirda. Lotin yozuviga o‘tish lingvistik nuqtai nazardan juda murakkab masala, dedi prezident To‘qayev.
«Biz lotinchaga o‘tishga ikki marta urinib ko‘rdik. Biroq natija chiqmadi», — ta’kidladi To‘qayev.
Uning fikricha, lotinchaga uzil-kesil o‘tish qaroriga kelishdan avval masalani chuqur va har tomonlama tahlil qilish kerak. Lotinchaga tezkor o‘tish kelgusida muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Qozog‘istonda dastavval qozoq tili imlosi qoidalarini qayta ko‘rib chiqish va fuqarolarning barcha qozoqcha so‘zlarni to‘g‘ri yozish qoidalarini bilishiga erishish kerak.
Chuqur tahliliy ishlardan keyingina Qozog‘istonning lotin yozuviga o‘tishi haqida gapirish mumkin, dedi To‘qayev.
Ma’lumot uchun: 2006-yildayoq lotin yozuviga o‘tish taklifini kiritgan sobiq prezident Nursulton Nazarboyev 2017-yilda hukumatga alifbe ishlab chiqish topshirig‘ini bergan. Qozog‘iston 2025-yildan to‘liq lotin alifbesiga o‘tishi rejalashtirilgandi, keyin esa hukumat bu voqea 2023–2031-yillar oralig‘ida yuz berishi haqida bayonot bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter