Rim papasi Isroilning G‘azodagi harakatlariga munosabat bildirdi
Rim papasi Fransisk Isroilning G‘azo sektoridagi maktablarni bombalashi oqibatida begunoh bolalar nobud bo‘layotganini tanqid qildi.
Janubi-Sharqiy Osiyo va Okeniya bo‘ylab 12 kunlik safardan keyin matbuot anjumani o‘tkazgan Rim papasi G‘azodagi katolik jamoasi vakillari bilan telefon orqali muloqot qilayotgani, ular dahshatli hikoyalarni so‘zlab berayotganini aytgan.
«Qandaydir partizanlar bor deya maktablarning bombardimon qilinishi va bolalarning o‘ldirilishi juda xunuk manzara», – degan katoliklar yetakchisi.
G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirib kelayotgan 87 yoshli Fransisk 11 oydan buyon davom etayotgan urushning yaqin-o‘rtada yakunlanishiga shubha bildirgan.
Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 41 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘ldi, 100 ming kishi jarohatlandi. Isroil hujumlari oqibatida nafaqat g‘azolik musulmonlar, nasroniylar ham jabr ko‘rmoqda.
Rim papasi 2023 yil dekabr oyida qamaldagi Falastin eksklavidagi jangovar harakatlarni terror deb atagan, Isroil harbiylari tomonidan qurolsiz nasroniylarning o‘ldirilishini qoralagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter