Instagramda boshlangan sevgi tarixining ayanchli yakuni: Bishimbayev ishidan «Saltanat qonuni»gacha
2023-yilning noyabr oyida Qozog‘iston poytaxtida fojia yuz berdi: mamlakatning sobiq iqtisodiyot vaziri Quvandiq Bishimbayevning uchinchi turmush o‘rtog‘i restoran kabinkasida vafot etdi. Kuzatuv kameralari qayd etgan yozuvlar va marhumaning yaqinlari bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, Saltanat turmush o‘rtog‘ining qattiq zarbalari va boshqa jismoniy zararlari oqibatida vafot etgan. Biroq Quvandiq sudni va jamoatchilikni Nukenova o‘sha kecha alkogol iste’mol qilgani, baxtsiz hodisa tufayli yiqilib, vafot etganiga ishontirishga urindi.
Sodir bo‘lgan voqea va sudlanuvchining o‘z aybini tan olmasligi nafaqat qozog‘istonliklar, balki butun dunyo faollari e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ayolga nisbatan zo‘ravonlik, nohaqlik va sobiq mansabdorning munosib jazo topishi talab qilindi, dunyo jamoatchiligi sud jarayonlariga ham qiziqish bildirdi. Natijada, sud ishi internet orqali to‘liq onlayn efirga uzatildi.
Quvandiq Bishimbayev o‘zi kim?
1980-yilda tug‘ilgan Quvandiq Bishimbayev avvaliga sobiq Prezident Nursultan Nazarbayevning yordamchisi sifatida, keyinchalik Qozog‘iston Iqtisodiyot vaziri lavozimida ishlagan. Ushbu tayinlovga bir yil to‘lmasidan, Bishimbayev katta miqdordagi poraxo‘rlik va davlat mulkini o‘zlashtirganlik aybi bilan lavozimidan ozod etilib, unga 10 yillik qamoq jazosi tayinlanadi. Bishimbayev tasarrufidagi mol-mulklar musodara qilinib, davlat organlarida mansabdor lavozimni egallash huquqidan butun umrga mahrum qilinadi.
Instagramda yaralgan muhabbat tarixi va dastlabki bosim
Nukenova va Bishimbayevning tanishuvi Instagram ijtimoiy tarmog‘idan boshlanadi. Saltanat Bishimbayevning turmush qurish haqidagi taklifini anchagacha rad qilib, keyinchalik rozilik beradi. Nukenova to‘ydan keyingi dastlabki davrda instagramda vaqtichog‘ligi, olgan qimmatbaho sovg‘alariyu turmush o‘rtog‘i bilan naqadar baxtli ekani hamda uni qattiq sevishi haqidagi postlar bilan faol tarzda bo‘lishib boradi. Keyinchalik Saltanatning shaxsiy hayoti aks etgan postlar soni kamayadi – ma’lum bo‘lishicha, Bishimbayev o‘zining o‘ta rashkchi ekanini asos qilib, rafiqasining ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishini taqiqlaydi. Uning erkinligini cheklab, hatto qarindosh va do‘stlari bilan muloqotini nazoratga oladi. Ish faoliyatiga esa bir taraflama nuqta qo‘yadi. Zo‘ravonning Nukenovaga nisbatan ruhiy va jismoniy bosimi mana shu davrdan boshlanadi.
Saltanat bu nosog‘lom munosabatni bir necha bor to‘xtatmoqchi bo‘ladi. Bishimbayevning o‘zini tutishi va qarorlaridan kelib chiqib, qarindoshlariga uning zo‘ravonligi haqida yashirin ma’lumot berib boradi. Ammo sobiq vazir turli shantaj va va’dalarga ko‘ra turmush o‘rtog‘i bilan yashashda davom etishga ko‘ndiradi. Vaziyat borgan sari murakkablashib, bosim ortib boradi. Shunda Nukenova instagram sahifasida vaziyatni ifodalovchi post qoldiradi. Unda turmush o‘rtog‘ini qanchalik sevib, qadrlamasin, uning bosim va nazorati og‘irlik qilayotgani «Bu hayot emas!» degan jumlalar bilan ifodalanadi. Shu orqali, Nukenovaning yaqinlari u zo‘ravonlikka uchrayotgani haqida yanada aniqroq xabar topadi.
Saltanat AQShdagi akasiga boshidagi ko‘karishlar rasmini yuborib, ularni saqlab qo‘yishini so‘raydi. O‘zi esa yozishmalar tarixini o‘chirib yuborishini aytadi. Shundan keyin Aytbek singlisining iltimosiga qaramay, Qozog‘istonga uchib keladi. Aytbekning singlisini olib ketishga uringan samarasiz tortishuvlari esa Bishimbayev bilan qayta gaplashmaslik, Saltanat esa ortiq akasi bilan aloqa o‘rnatmaslik sharti bilan tugaydi.
Jinoyat qanday sodir bo‘lgan?
Voqea 2023-yil 8-9-noyabr kunlari sodir bo‘lib, Bishimbayev o‘sha kuniyoq hibsga olingan. Jinoyat bo‘yicha tergov 2024-yilning 8-yanvar kuni yopiladi.
2024-yilning mart oyida marhumaning akasi ko‘rsatma beradi va 3-4-aprel kunlari Bishimbayev sudda so‘roqqa tutiladi. Unga «o‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan qotillik»dan tashqari, «qiynoqlar» bo‘yicha ham ayblov qo‘yiladi.
Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, 2023-yilning 9- noyabrida Bishimbayev ukasiga tegishli restoranning VIP-kabinkasida o‘zining fuqarolik nikohida bo‘lgan Nukenovaning boshiga musht bilan bir necha bor urib, kafelga yiqitadi va tepadi. Saltanat boshqa VIP-kabinkalardan biriga berkinishga urinadi, Bishimbayev uning ortidan borib, yana urishda davom etadi va bo‘g‘a boshlaydi. Shundan keyin Saltanat hushini yo‘qotib, 1 sutkaga yaqin kabinka polida, shu holatda qoladi. Bishimbayev so‘nggi bor o‘sha kuni soat 18.30 da Saltanatni uyg‘otishga harakat qiladi. Keyinroq ukasidan tez yordam chaqirishini so‘raydi. Lekin u vaqtda Saltanatning joni uzilib bo‘lgan edi.
Jinoyat ishida sobiq vazirning ukasi ham javobgarlikka tortilib, u jinoyatni yashirish va xabar bermaslikda ayblanadi – uning topshirig‘i bilan kuzatuv kamerasidagi yozuvlarning ba’zilari o‘chiriladi.
Bishimbayevga ko‘ra, jinoyat sodir bo‘lgan kuni Saltanat turmush o‘rtog‘i bilan 3 shisha gazlangan vino ichib, «munosabatlariga oydinlik kiritgan». Nukenova janjallashuv vaqtida turmush o‘rtog‘ini qattiq haqoratlab, u bergan qimmatbaho taqinchoqlarni hojatxonaga tashlab yuborish bilan Bishimbayevnig g‘azabini qo‘zg‘atgan.
Sudlanuvchi marhumaning yuzidagi ko‘karishlarning sababini shunday izohlaydi:
«U yelkasini menga, yuzini hojatxonaga qaratib turardi. Aftidan, u meni ushlab qoladi, deb o‘ylagan. Men esa uni qo‘yib yubordim. U muvozanatni yo‘qotib, yuzi bilan unitazga yiqildi. Juda qattiq yiqildi», – deydi. Uning aytishicha, Saltanat o‘rnidan turishga harakat qilib, kafel polga qayta yiqiladi. Shundan keyin Bishimbayev hushidan ketgan turmush o‘rtog‘ini «o‘ziga keltirish» uchun 4-5 marta tepadi. Lekin bu tepkilash «hech qanday hayotiy muhim organga zarar yetkazmagan».
Tergov davomida ma’lum bo‘lishicha, Nukenova hushini yo‘qotgach, Bishimbayev folbinga qo‘ng‘iroq qilgan:
«Men juda xavotirga tushdim va o‘zim bilgan folbinga qo‘ng‘iroq qildim. Unga Saltanat uyg‘onmayotgani va yuzidagi ko‘karishlar haqida aytdim. Folbin esa Saltanat shunchaki charchagani, o‘ziga kelishini va uyga ketishimizni aytdi. Shundan keyin yuragim yengil tortdi», – deydi va shu asos bilan tez yordam chaqirmaganini aytadi. Shundan keyin u jiyani Baxitjan Bayjanovga qo‘ng‘iroq qilib, aspirin va ketonal olib kelishini so‘raydi. Bundan tashqari, Bishimbayev ukasidan kuzatuv kameralaridagi voqelik telegram kanallarga tarqab ketmasligi uchun videolarini o‘chirishini ham so‘ragani sudda ma’lum bo‘lgan.
Bishembayev, shuningdek, Nukenovaning yaqinlaridan uning ayni vaqtdagi joylashuv manzilini yashirish, o‘zidan iz qoldirmaslik uchun marhumaning telefonini ukasiga berib, uyga olib ketishni tayinlaydi.
Ekspertiza va video-kamera yozuvlari Bishimbayev ko‘rsatmasini rad etadi
Tibbiy sud-ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Nukenova bosh miyaning yopiq travma olishi oqibatida vafot etgan. Tekshiruvlarda Nukenovaning burni singani, boshida bir nechta qontalash va jarohatlar bo‘lgani aniqlangan.
Sud-ekspertiza sudlanuvchining ko‘rsatmalari haqiqatga mos kelmasligini aytib, Nukenovadagi jarohatlar yiqilish oqibatida olinishi mumkin emas, degan xulosani beradi. Qolaversa, keyinchalik video-kamera yozuvlari ham taqdim qilindi. Prokuror: «Bishimbayev Nukenovaning sochidan tortib, oyog‘i bilan tepib, yuziga uradi. Keyin uni VIP-kabinkaga olib o‘tishga urinadi» – deya videoni izohlaydi.
29 martda bo‘lib o‘tgan sudning birinchi yig‘ilishida ma’lum bo‘ladiki, restoran ishchilari Bishimbayev topshirig‘i bilan video-kamera yozuvlarining ba’zilarini o‘chiradi. O‘sha kuni barmen ko‘rsatmasi ham o‘qib eshittiriladi. Ma’lum bo‘lishicha, politsiya kelishidan avval Bishimbayev qo‘lida pichoq ko‘tarib yurgan.
«Biz uni ushlagan vaqtimiz, Bishimbayev turmush o‘rtog‘ini o‘ldirgani, o‘lik esa kabinkada yotganini aytdi. Katta ehtimol, shuning u o‘zini ham o‘ldirishni xohlagan», – deya guvoh ko‘rsatmasini o‘qib eshittiradi prokuror.
Viktimbleyming va axborot manipulyasiyasi
Bishimbayevning yolg‘on ko‘rsatmasi va aybini tan olmasligi qozoq hamda boshqa mamlakatlar aholisining e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda dunyo faollari o‘ldirilgan jabrlanuvchini qo‘llash va haqiqat qaror topishiga hissa qo‘shish maqsadida #zaSaltanat xeshtegi ostida jinoyat bilan bog‘liq holatlar va Saltanatga tegishli xotiralar bilan bo‘lishmoqda, Bishimbayevni esa viktimbleyming va axborot manipulyasiyasida ayblanmoqda.
Viktimbleyming – jinoyatchi o‘z jinoyatida, baxtsiz hodisa, og‘riq va zo‘ravonlikning istalgan turida jabrlanuvchini aybdorga chiqarish.
«Bishimbayevning shaxsiyatiga qiziqish yanada ortdi. Chunki bu retsidiv (sudlanuvchining birinchi jinoyati emas). U avval ham boshqa modda bilan korrupsiya va firibgarlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Prezident uni muddatidan avval ozod qilgan. Endi u yana qonunni buzdi va bu o‘ta shafqatsizlik bilan amalga oshirilgan», – deydi huquq himoyachisi.
Uch ayol bilan yozishma, uchrashuv va ish muhokamasi – Saltanatning o‘limi vaqtida Bishimbayev nima bilan band bo‘lgan?
23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda sud Bishimbayev telefonidagi yozishma va qo‘ng‘iroqlar tarixini o‘rgandi. Ma’lum bo‘ldiki, Nukenova o‘lgan kechada ayblanuvchi Gulnora Nosirbekova, Yuliya Super va Ayjan Birdenova ismli ayollar bilan xabarlashib, Gulnora Nosirbekova bilan boshqa vip-kabinkada uchrashgan. Shundan keyin ayol unga surat yuboradi va «Kstati, ti paxnesh rozami», deb yozadi.
Ma’lumot o‘rnida: yuqoridagi gap qiyin vaziyatdan keyin o‘zini yomon va aybdor his qilayotgan odamga uning yaxshi va haqiqatgo‘yligini ta’kidlash maqsadida qo‘llaniladi.
Bishimbayev sudda «Yuliya Super» bilan bo‘lgan yozishmalar shaxsiy ekani va ularni o‘qib eshittirilmasligini so‘raydi. Sudlanuvchi Yuliyaga: «Ishlaring qalay? Bo‘shmisan?» deb yozadi. Bishimbayevning so‘zlariga ko‘ra, bu yozishma o‘sha vaqtda Saltanatni tirik deb o‘ylaganiga isbot bo‘la oladi.
Nosirbekova esa sudda guvoh sifatida qatnashgan Bishimbayevning golfdagi klubdoshi bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasm va ostidagi gap chatda adashib, Bishimbayevga yuborilgan. Allaqachon ish vaqti tugab, yopilgan restoranda kechgan uchrashuvda esa, golf, bolalar va blog reklamalari haqida suhbat bo‘lgan.
Yozishmalar orasida Bishimbayevning ish bo‘yicha suhbatlari ham topilgan. Unda tez yordam kelguniga qadar Bishimbayev sheriklari bilan ish borasida gaplashib, uchrashuv belgilagani ma’lum bo‘lgan.
Bundan tashqari, Bishimbayev telefonidan qisqa soniyali bir nechta videolar ham topiladi. Sud uni ommaga ko‘rsatmaydi, biroq qo‘yib eshittiradi. Videoda Bishimbayev ovoziga o‘xshash ovozda Saltanatni haqoratli so‘zlar bilan xiyonat qilganlikda ayblab, uni tan olishga majburlanganini eshitish mumkin. Saltanat esa chuqur xo‘rsinib, «ha» degan javobni beradi. Sudlanuvchi avvaliga gap qanday video haqida ketayotganini eslolmayotganini aytadi. Keyin esa «Videoni WhatsApp’dan kimdir yuborgan, ko‘rinadi. Shuni aytmoqchimanki, video qandaydir montaj qilingan va unga mening ovozim qo‘yilgan», – deydi. Sudning 10 daqiqalik tanaffusidan keyin esa videoni o‘zi tasvirga olganini tan oladi.
Amerika va Yevropadagi ko‘ngilli qozog‘istonliklar oilaviy zo‘ravonlik va uning oqibatlariga dunyo diqqatini qaratish maqsadida, bir qancha mitinglar tashkillashtirdi. Keyinchalik yana yuzlab qozog‘istonliklar va boshqa Markaziy Osiyo aholisi ham namoyishlarni qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa, Yevropaning 15 shahri, shuningdek, New York va San Francisco faollari ishtirokida tinch namoyishlar o‘tkazildi.
Qozog‘istondagi voqea fonida Armaniston parlamenti ham ko‘p ovoz bilan Oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritdi. Endi qonun fuqarolik birlashmalariga nisbatan qo‘llaniladi. Zo‘ravonlik guvohi bo‘lgan bolalar ham jabrlanuvchi sifatida tan olinib, jabrlanuvchining tibbiy shartlari soddalashtiriladi.
Tergov yakuni
Jinoyat ishi bo‘yicha 17 ta sud majlisidan so‘ng, 24 aprel kuni sud tergovi yakuniga yetdi. Bishimbayev sud zalida rafiqasining o‘limiga sabab bo‘lgan zarbalarini tan olsa-da, bu qasddan amalga oshirilgan qotillik ekanini inkor qilmoqda. Kuzatuv kamerasidagi yozuvlarni berkitgan Bayjanov esa aybini tan olmadi.
Qozog‘istonda oilaviy zo‘ravonlik qanday jazolanadi?
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat politsiyasiga oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha kuniga o‘rtacha 300 ta ariza kelib tushadi. Bir yilda o‘rtacha 80 nafar zo‘ravonlikdan aziyat chekkan ayol vafot etadi.
«Oilaviy zo‘ravonlik profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, politsiya zo‘ravonga jabrlanuvchi bilan 30 kun aloqani cheklash bo‘yicha himoya buyrug‘ini berishga haqli bo‘lgan. Agar buyruq tartibi buzilsa, zo‘ravonga 10 sutkagacha majburiy qamoq jazosi tayinlangan. Ammo qonunchilik oilaviy zo‘ravonni jinoiy javobgarlikka tortmagan.
Saltanat voqeasi esa mamlakatda tegishli qonunchilikning qayta ko‘rib chiqilishiga sabab bo‘ldi. Unda oilaviy zo‘ravonlarga jazo tayinlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
2024 yilning 15 aprel kuni prezident To‘qayev birdaniga ikki – Ayol va bolalarning huquq va xavfsizligini ta’minlashga oid bo‘lgan qonunlarga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonunlarni imzoladi.
Endi milliy qonunchilikka ko‘ra, oilada zo‘ravonlikni amalga oshirgan har qanday fuqaro jinoiy javobgarlikka tortiladi: oila a’zolarining o‘limiga sabab bo‘lgan yoki yosh bolalar bilan jinsiy munosabatda bo‘lgan jinoyatchi butun umrga ozodlikdan mahrum etiladi.
Ushbu qonun mamlakat parlamentida Nukenova o‘limidan ancha avval – 2020 yilda ko‘rib chiqish uchun taqdim qilingan. Biroq yuqoridagi voqea qonunni zudlik bilan qabul qilinishiga ehtiyoj borligini isbotlab, o‘zgarishlar imzolanishi va kuchga kirishiga turtki bo‘ldi. Shuning ortidan qonun norasmiy «Saltanat qonuni» nomini oldi.
Jinoyat ishidan boshqa mamlakatlar ham sergak tortdi
Qozog‘istonliklar Saltanat ishi va oiladagi (maishiy) zo‘ravonlikning jinoiylashtirilishi – «fuqarolik jamiyatining g‘alabasi» deb atamoqda.
Ta’kidlanganidek, Saltanatning o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlar butun dunyo diqqat markazida bo‘ldi. Jinoyat bo‘yicha tergov ishlarining onlayn uzatib borilishi esa Qozog‘istondagi sud tizimining yangi bosqichga chiqqanini bildiradi.
Qozog‘istonlik huquq himoyachisi Xolida Aliqulovaning fikricha, sud jarayonini jonli ravishda kuzatgan qozoq jamiyatining ko‘pchiligi oiladagi zo‘ravonlikning dahshatli oqibatlarini ko‘rib sergak tortdi. Sudning dunyo miqyosida onlayn yoritib borilishi aholining huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi. Afsuski, ba’zilarda oiladagi zo‘ravonlik normal holat degan qarash shakllangan. Konservativ doiralarda esa ayol erkak (turmush o‘rtog‘i)ning, bolalar ota-onaning mulki, demak, itoatsizlik qiladigan bo‘lsa, tarbiya chorasi sifatida ularni urib jazolash mumkin degan tushuncha bor. Saltanat qonuni shunday qarashdagi agressorlarning xatti-harkatini tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oilaviy zo‘ravonlik O‘zbekistonda qanday «baholanadi»?
O‘zbekiston oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb baholagan Markaziy Osiyodagi ilk davlat sanaladi. Avvallari mamlakat qonunchiligida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni alohida jinoiy javobgarlik sifatida o‘rganadigan modda bo‘lmagan.
2023 yilning aprel oyida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilandi. Unga ko‘ra, voyaga yetmagan yaqin qarindoshlar bilan majburan jinsiy munosabatda bo‘lganlar 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.
Turmush o‘rtog‘iga (sobiq turmush o‘rtog‘i yoki umumiy farzandga ega insonga) nisbatan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini poymol qilishga urinish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, mazkur harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Agar tomonlardan biri tan jarohati yetkazib, og‘irlashtiruvchi holatlarni keltirib chiqarsa, masalan, sog‘lig‘ining uzoq vaqt yomonlashuvi yoki mehnat qobiliyatining yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish sodir etilsa, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.
Shunga qaramay, mamlakatda maishiy zo‘ravonlik holatlariga to‘liq nuqta qo‘yilganicha yo‘q. 2023 yilda 203 nafar fuqaro oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilib, ulardan 59 nafari qamoqqa olingan. Yana 8928 nafar fuqaro esa oiladagi zo‘ravonlik holati bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilgan. So‘nggi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning ilk choragida sudlar 4477 nafar shaxsni oiladagi zo‘ravonlik moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortgan.
Biroq bu raqamlar kelib tushgan da’vo arizalari asosida shakllanadi. Yana necha minglab zo‘ravonlik-u shafqatsizliklar, afsuski, to‘rt devor orasida mavhumligicha qolib ketadi.
Muqaddas Musayeva,
Oyina.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter