Rossiya kelgusi yilda harbiy xarajatlarni misli ko‘rilmagan darajada oshiradi
Rossiya hukumati 2024-yilda harbiy soha uchun xarajatlarni 70 foizga oshiradi. Mamlakat moliya vazirligi e’lon qilgan raqamlar ana shundan dalolat beradi.
Avvalroq Bloomberg agentligi ham Moskva mudofaa tizimi uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini keskin oshirayotgani haqida xabar bergan edi.
Rejaga muvofiq, 2024-yilda hukumat mudofaa uchun 10,8 trillion rubl (111 milliard dollardan ziyod) ajratadi. Joriy yil ushbu maqsadda 6,4 trillion rubl sarflanmoqda.
Tahlillar mamlakat YaIMda harbiy xarajatlar ulushi muttasil oshib borayotganini ko‘rsatmoqda: 2021-yilda – 2,7 foiz, 2023-yilda – 3,9 foiz, 2024-yilda – 6 foiz.
Harbiy xarajatlar keskin oshayotganini Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov «gibrid urush» bilan izohlagan.
«Albatta, (mudofaa uchun xarajatlar) oshishi zarur, juda ham zarur. Negaki, bizga qarshi ochilgan gibrid urush sharoitida yashamoqdamiz. Qolaversa, maxsus harbiy amaliyotni (Kreml Ukrainaga qarshi urushni shunday ataydi – tahr.) davom ettirmoqdamiz. Bu ham katta xarajat talab etadi», – degan D.Peskov.
Moliya vaziri Anton Siluanov «Hammasi front uchun, hammasi g‘alaba uchun» tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etishini qayd etgan.
DW nashri 2024-yilda Rossiyada ilk bor ijtimoiy yo‘nalishdan ko‘ra mudofaa tizimiga ko‘proq mablag‘ ajratilishiga e’tibor qaratgan.
Hukumat kelgusi yilda budjet daromadi 35 trillion rublga yetishini taxmin qilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) 2022-yilda jahon mudofaa xarajatlari so‘nggi sakkiz yildagi eng yuqori darajaga yetib, 2,224 trillion dollarni tashkil qilganini ma’lum qilgan edi.
2021-yilda ham Rossiya mudofaa xarajatlari bo‘yicha dunyodagi besh davlatdan biri deb topilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter