Rossiya Ozarbayjonga “javob” hozirlayotgani aytilmoqda

Gyumri bazasi – Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi eng yirik harbiy ob’yekti.
Rossiya Armaniston hududidagi Gyumri harbiy bazasini kuchaytirish choralarini ko‘rmoqda. Bu haqda Euronews Ukraina harbiy razvedkasiga tayanib xabar berdi.
Ukraina harbiy razvedkasi Rossiyaning ushbu harakati Janubiy Kavkazda o‘z ta’sirini oshirish va xavfsizlikni izdan chiqarishga urinish deb baholagan.
Armaniston tashqi ishlar vazirligi o‘z hududidagi Rossiya harbiy bazasi kuchaytirilayotgani haqidagi xabarni rad etgan.
Ukraina harbiy razvedkasi bunga javoban Rossiya Qurolli kuchlari Janubiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoniga tegishli ekani aytilayotgan buyruqni e’lon qilgan.
Buyruqda Janubiy harbiy okrug tarkibidagi 8-, 18-, 49- va 58-umumqo‘shin harbiy bo‘linmalaridan zudlik bilan askarlarni saralab olish tayinlangan. Askarlarni saralashda ularning kasbiy, ruhiy va jangovar tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratish uqtirilgan.
Rossiya Armanistondagi harbiy bazasini kuchaytirayotgani haqidagi xabar Ozarbayjon bilan ziddiyat yuzaga kelgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.
“Moskva millatlararo ziddiyatlarni kuchaytirish bilan birga Kavkazdagi harbiy kuchini oshirmoqda. Ozarbayjon va Rossiya munosabatlaridagi yomonlashuv oldindan hozirlangan bo‘lsa ajab emas”, – deyiladi Ukraina harbiy razvedkasi ma’lumotnomasida.
Gyumri harbiy bazasi Armaniston poytaxti Yerevandan 100 km shimoli-g‘arbda, Ozarbayjonning yaqin ittifoqchisi Turkiya chegarasidan bor-yo‘g‘i 3,5 km masofada joylashgan. 2010 yilda Yerevan va Moskva ushbu harbiy baza ijarasini 2044 yilga qadar uzaytirish haqida kelishuv imzolagan.
Gyumri harbiy bazasida 5000 nafarga qadar askar xizmat qiladi. Baza MiG-29 qiruvchi uchoqlari va S-300 zenit-raketa majmualariga ega.
Ayni paytda Armaniston Ozarbayjon va Turkiya bilan munosabatlarini yaxshilashga intilmoqda. Bu esa Rossiya harbiy bazasining mavjudligi Yerevan manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligini anglatadi.
Armaniston bir hafta avval Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) Bishkekdagi muhim uchrashuvida qatnashishdan bosh tortgani ham ma’lum.
Rossiya Janubiy Kavkazda harbiy bazani kuchaytirayotgani haqidagi xabarlar Moskva va Boku munosabatlarida taranglik kuzatilishi manzarasida tarqamoqda. Tahlilchilar tobora geosiyosiy jihatdan mustaqil siyosat yuritishga urinayotgan Ozarbayjon Rossiyaning “katta og‘alik” qilishiga ortiq toqat qilmasligini aytmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter