Rossiya yadro quroli qo‘llaydimi? Yetakchi ekspertlar javob berdi
Rossiya Federatsiyasining Tashqi va mudofaa siyosati bo‘yicha kengashi a’zolari Ukraina va Yevropaga yadro zarbasi berish zarurligi haqidagi chiqishlarga munosabat bildirdi.
Ekspertlar bu boradagi hissiyotlarga asoslangan fikrlarni keskin qoralab, mas’uliyatsizlarcha bildirilayotgan takliflar Rossiya jamiyatida halokatomuz qaror qabul qilishga undovchi kayfiyat uyg‘otishidan ogohlantirgan.
Qayd etilishicha, Moskva tomonidan taktik yadro qurolining qo‘llanishi global yadro urushiga va dunyo bo‘ylab yuz millionlab insonlarning yostig‘i qurishi olib keladi. Pirovardida butun odamzod hayoti muqarrar xavf ostida qoladi.
«Biz – Tashqi va mudofaa siyosati bo‘yicha kengash a’zolari, bunday takliflarni mutlaq nomaqbul deb hisoblaymiz va bir ovozdan qoralaymiz. Hech kim, hech qachon insoniyatni yadro quroli qo‘llash bilan shantaj qilishi mumkin emas», – deydi Rossiyadagi nufuzli tuzilma vakillari.
Bayonotda kengash a’zolari orasida ham Ukrainadagi harbiy taranglik sharoitida preventiv yadro zarbasi berish taklifi bilan chiqqanlar borligi qayd etilgan. Bu o‘rinda prezident Vladimir Putin komandasiga mansub siyosatshunos Sergey Karaganovning bahsli maqolasi nazarda tutilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Tashqi va mudofaa siyosati bo‘yicha kengash asoschilaridan biri Sergey Karaganov G‘arb irodasini sindirish va Ukraina urushida g‘alaba qozonish omili sifatida Kremlga taktik yadro qurolini istifoda etishni taklif qilgan edi.
Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi, Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti qoshidagi markaz rahbari Aleksey Arbatov murojaatnomaga imzo chekkan ekspertlardan biridir. Olim RBK nashriga bergan intervyusida NATO davlatlariga qarshi yadro qurolini ishga solish taklifini o‘t bilan o‘ynashish, mas’uliyatsizlik va provokatsiya deb atagan. Akademikning fikricha, Rossiya yadro qurolini qo‘llashi lozimligi haqidagi bayonotlar butun mamlakat pozitsiyasini aks ettirmaydi.
Keyingi vaqtlarda Rossiya oliy rahbariyati yadro quroli ishga solinishi haqida goh oshkora tarzda, goh ishoralar bilan bayonotlar berib kelmoqda.
2022 yil 27 fevral kuni, Ukraina urushidan bir necha kun o‘tgach, Putin mudofaa vazirligiga yadro quroliga aloqador kuchlarni harbiy navbatchilikning maxsus rejimiga o‘tkazish haqida buyruq bergan edi. Mazkur tahdidli bayonot ortidan ehtimoliy yadro zarbasi xususida muhokamalar qizg‘in tusga kirdi.
Putin 2022 yil sentyabr oyidagi murojaatida mamlakat hududiy yaxlitligi tahdid ostida qolsa, Rossiya yadro qurolidan foydalanishi haqida gapirgan.
Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, sobiq prezident Dmitriy Medvedev ham Moskva yadro qurolidan foydalanish huquqiga ega ekanini bir necha bor pisanda qilgan.
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns V.Putin Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlar ortidan yadro qurolini ishga solishi mumkinligi haqida bayonot bergan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya Rossiyani Ukrainada taktik yadro quroli qo‘llasa, qaqshatqich javob zarbasi haqida ogohlantirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter